O‘zbekistonliklarga xorijdagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olish osonlashadi
Fuqarolar yillik 10 ming dollargacha bo‘lgan mablag‘ni alohida ruxsatsiz xorijiy aksiyalar va boshqa investitsiyalarga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valuta operatsiyalari tartibi soddalashtirildi. Markaziy bankning tegishli qarori 2026 yil 17-sentabrdan kuchga kiradi.
Yangi tartibga muvofiq, jismoniy shaxslar bir kalendar yil davomida 10 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan mablag‘ni chet eldagi kompaniyalar ustav kapitaliga kiritish, ularning aksiyalarini sotib olish yoki boshqa investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga o‘tkazishi mumkin.
Biroq xorijdagi brokerlik va investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirish bo‘yicha operatsiyalar faqat litsenziyaga ega investitsiya vositachilari orqali amalga oshiriladi.
Qaror yuridik shaxslar uchun ham imkoniyatlarni kengaytiradi. Unga ko‘ra, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar yil davomida 200 ming dollargacha, davlat ishtirokidagi korxonalar esa 100 ming dollargacha mablag‘ni xorijdagi kompaniyalarga investitsiya sifatida yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan kompaniyalarga xorijdagi filial va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun yiliga 100 ming dollargacha, davlat ishtirokidagi korxonalarga esa 50 ming dollargacha mablag‘ o‘tkazish huquqi beriladi.
Markaziy bank talabiga ko‘ra, rezidentlar xorijdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bangga taqdim etishi shart.
Ma’lumotlar o‘z vaqtida berilmagan taqdirda, bunday operatsiyalar vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.





