O‘zbekistonning ikki qishlog‘i Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi
Ikki davlat chegara hududlarini almashdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegarasini demarkatsiya qilish ishlari doirasida hudud almashish jarayoni bo‘lib o‘tdi va unda muqaddam O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatiga qarashli bo‘lgan ikki qishloq Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi. Buning evaziga Qirg‘iziston O‘zbekistonga chegara hududida maydoni teng bo‘lgan yer uchastkalarini berdi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.
Demarkatsiya jarayoni natijasida Farg‘ona viloyatiga qarashli Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlari Qirg‘izistonga berildi.
Mazkur qishloqlarda yashovchi qariyb 2,5 ming nafar etnik qirg‘iz tegishli ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari yakunlanganidan so‘ng Qirg‘iziston fuqaroligini oladi.
O‘zbekiston tomoni esa ushbu aholi punktlari o‘rniga chegara hududidan teng qiymatdagi yer uchastkalarini qabul qilib oldi.
Yo‘l qurilishi va Qozog‘istonga berilgan taklif
Shuningdek, Say qishlog‘idan Tayan qishlog‘i tomon avtomobil yo‘lini qurish maqsadida tomonlar umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan teng qiymatli yerlarni almashgan. Yangi yo‘l ishga tushgach, Botken viloyati aholisi Aydarkendan Botkengacha bo‘lgan masofani 225 kilometrlik aylanma yo‘l orqali emas, balki Say va Tayan qishloqlari orqali 55 kilometrlik marshrutni bosib o‘ta oladi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoniga tegishli bo‘lib qolgan To‘qmoq shahri yaqinidagi 800 metrlik yo‘l uchastkasini ham teng qiymatli yerga almashish bo‘yicha taklif berilgani ma’lum qilindi. Ushbu loyiha amalga oshsa, Olmaota ko‘chasidan Kemin shahrigacha qariyb 150 kilometrlik pullik avtomagistral barpo etilishi rejalashtirilgan.
Askat Alagozov chegara va hududlar bilan bog‘liq bu kabi masalalar siyosiy bahslarga sabab bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.





