
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarga yetdi
Tashqi savdo aylanmasida import ulushi katta qismni tashkil etdi. Eksport hajmi importdan qariyb 11 mlrd dollarga kam bo‘ldi.

2025 yil yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd AQSH dollariga yetib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 13 mlrd 18,4 mln dollarga yoki 21,8 foizga ko‘paydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 30 mlrd 894,8 mln dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 26,2 foizga o‘sdi. Import hajmi esa 41 mlrd 885,4 mln dollarga (18,7 foiz o‘sish) yetdi. Bunda oradagi tafovut 10 mlrd 990,6 mln dollar bo‘ldi.
O‘zbekiston jahonning 210 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (20,1 foiz), Rossiya (16,2 foiz), Qozog‘iston (6,0 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya Respublikasi (2,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi. Quyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasini davlatlar kesimida ko‘rishingiz mumkin:
Xitoy — 14,6 mlrd dollar;
Rossiya Federatsiyasi — 11,7 mlrd dollar;
Qozog‘iston — 4,3 mlrd dollar;
Turkiya — 2,6 mlrd dollar;
Koreya Respublikasi — 1,5 mlrd dollar;
Afg‘oniston — 1,4 mlrd dollar;
Fransiya — 1,2 mlrd dollar;
Hindiston — 1,2 mlrd dollar;
Germaniya — 1,1 mlrd dollar;
BAA — 1,1 mlrd dollar;
Turkmaniston — 1,06 mlrd dollar;
Qirg‘iz Respublikasi — 903,7 mln dollar;
AQSH — 871,9 mln dollar;
Belarus — 868,1 mln dollar;
Tojikiston — 737,9 mln dollar;
Shveysariya — 520,9 mln dollar;
Eron — 519,2 mln dollar;
Pokiston — 434,4 mln dollar.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd dollarga yetgani haqida xabar bergan edik.





