Poraxo‘r amaldorlar, qahramon bo‘lgan o‘zbek migranti, Qozog‘istondan chiqarilgan o‘zbekistonliklar — hafta dayjesti.

28.02.2026 | 18:026 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.


Sobiq hokim 11 yilga qamaldi

Hafta ichida avvlroq katta shov-shuv keltirib chiqargan korrupsion vaziyat bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi pora olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topildi. Sobiq hokim Mahmud Xolbo‘tayev 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

U 2025 yil iyun oyida tadbirkordan 30 ming AQSH dollari miqdorida pora olib, qo‘lsha tushgan edi.

Hokimlikning qurilish va kommunal sohalar bo‘yicha bosh mutaxassisi tadbirkorning ishonchiga kirib, yer maydonida ko‘p qavatli uylar qurishga ruxsat olib berish evaziga pora talab qilgan.

So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman rahbari bilan uchrashib, 10 ming AQSH dollarini bergan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U shuningdek 3 yil muddatga davlat organlarida mansab egallash huquqidan mahrum etildi. Yana bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida jarima tayinlandi.
Bosh mutaxassis ham aybdor deb topilib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilindi

 

Rossiya qahramonlik ko‘rsatgan migrant

Rossiyada yuz bergan favqulodda holat va unda qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayev jamoatchilik e’tibor markazida bo‘ldi. U Sankt-Peterburg shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining 7-qavat oynasidan qulayotgan 7 yoshli bolakayni qo‘llari bilan tutib qolib, uni o‘limdan saqlab qoldi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqiga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun Ibodullayev Xayrullo Saydullayevichni «Jasorat» medali bilan mukofotladi.

Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov Xayrullo Ibodullayevni «Qutqarishdagi jasorat uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Shuningdek, unga Rossiyadagi nodavlat tashkilotlaridan biri tomonidan 1 million rubl pul mukofoti ham topshiriladi.

Xayrullo Sankt-Peterburgga O‘zbekistondan to‘rt oy avval kelgan. Uning to‘rt nafar farzandi va bemor ota-onasi O‘zbekistonda qolgan. Ibodullayev oilasini ta’minlash uchun ishlayotganini, shuningdek, avtomobil sotib olishni orzu qilayotganini aytgan.

 

Pokiston Afg‘onistonga ochiq urush e’lon qildi

Hafta yakunida mintaqadagi eng keskin voqealardan biri Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar bo‘ldi. Vaziyat havo zarbalari va o‘zaro bayonotlardan ochiq harbiy qarama-qarshilik bosqichiga o‘tdi.

Pokiston 27-fevral tunda Afg‘onistonning Kobul va Qandahor shaharlariga havo zarbalari berdi hamda «Tolibon» hukumatiga qarshi ochiq urush e’lon qildi. Islomobod mazkur harakatni milliy xavfsizlikka tahdidlarga javob sifatida izohlamoqda.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakati har qanday tajovuzga qarshi qat’iy javob qaytarishga tayyor ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, vatan himoyasi masalasida murosaga o‘rin yo‘q va har qanday tahdid munosib javob bilan qarshi olinadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar natijasida «Tolibon»ning 27 ta harbiy posti yo‘q qilingan, ko‘plab texnika vositalari bartaraf etilgan. Pokiston tomoni yuzdan ortiq «Tolibon» a’zosi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif esa diplomatik urinishlar samara bermaganini aytib, ikki davlat o‘rtasida ochiq harbiy to‘qnashuv boshlanganini bildirdi.

So‘nggi keskinlik 26-fevral kuni «Tolibon» kuchlarining Islomobodga qarshi hujumidan keyin avj olgan. Afg‘oniston tomoni ham chegara hududlarida javob amaliyotlari boshlanganini ma’lum qilgan.

 

4-sinf o‘quvchisiga elektromobil

Yosh iste’dod egasi davlat rahbari tomonidan rag‘batlantirilgani ham haftaning muhim voqealaridan biri bo‘ldi.

24-fevral kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida qo‘shiq kuylagan Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabining 4-sinf o‘quvchisi Otamurod Rayimboyevga elektromobil berildi. U uchrashuvda Komiljon Otaniyozov repertuaridan qo‘shiqni jonli ijroda kuyladi.

Prezident ijroni yuqori baholab, mas’ullarga o‘quvchini rag‘batlantirish maqsadida avtomobil ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Sovg‘a qilingan «BYD Chazor» avtomobili viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov tomonidan Otamurod Rayimboyevga uning oila a’zolari va ustozlari ishtirokida topshirildi.

 

Pora talab qilgan bank mansabdori ushlandi

Bu hafta yana bir shov-shuvli korrupsiya holati fosh etildi. Katta miqdorda pora talab qilgan bank amaldori qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi MCHJda aniqlangan 72 mlrd 956 mln so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni bekor qildirib berishni va’da qilgan mamlakatdagi yetakchi tijorat banklaridan biri amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari jinoyat ustida ushlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u qarzdorlikni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 110 ming AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan pulning 30 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Amaliyot Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarori bilan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Surxondaryoda bankomat pulini o‘zlashtirgan bankirlar ham aniqlandi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi tijorat banki xodimlari qariyb 400 mln so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

 

Qo‘qondagi portlash

Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan portlash bir insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Hodisa 25-fevral kuni Qo‘qon shahri Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sodir bo‘lgan va portlash ortidan yong‘in kelib chiqqan.

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari Farg‘ona viloyati IIB tomonidan olib borilmoqda va ish vazirlik nazoratiga olingan.

Baxtsiz hodisa oqibatida 2007 yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama bosib qolishi natijasida og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Portlash tufayli bir nechta xonadonlarga zarar yetgan.

Hodisa sabablarini aniqlash maqsadida tergov-tezkor guruhi tuzilgan. Unga ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov rahbarlik qilmoqda.

11-fevral kuni Andijondagi ko‘p qavatli uylardan birida ham gaz portlagan edi. Hodisada hech kimga tan jarohati yetmagan, faqat mol mulklar zarar ko‘rgan edi.

 

Mirziyoyeva Toshkent yo‘llarini nazoratga oldi

Bu hafta Toshkentda transport tizimi va yo‘l harakati nazoratida yangi bosqich boshlandi. Saida Mirziyoyeva shahar yo‘llari va tirbandliklar ustidan shaxsan nazorat qilishini e’lon qildi.

27-fevral kuni Yo‘l harakatini tashkil etish markazida Toshkent shahridagi tirbandliklarni kamaytirish, ekologiya va jamoat transportini nazorat qilish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Bu ishlar Prezidentning 2025 yil 5-dekabrdagi qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Yaqin kunlarda «aqlli» svetoforlar o‘rnatish, yo‘llarda standartlarga mos chiziqlar tortish va avtoturargohlarni to‘g‘ri tashkil qilish ishlari boshlanadi. Saida Mirziyoyeva loyiha ijrosini to‘laqonli nazorat qilib, shahar jamoasiga muvaffaqiyat tiladi.

 

Qozog‘istondan O‘zbekistonliklar chiqarib yuborildi

Bu hafta Qozog‘istondan migratsiya qoidalarini buzgan 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi. Ular  migratsiya rejimini buzgan.

​Ma’lumotga ko‘ra, ular uchun barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilingan holda maxsus avtobus yo‘nalishi tashkil etilgan va fuqarolar Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasigacha yetkazilgan.

«Biz migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini va chet el fuqarolarining shahar hududida bo‘lishining qonuniyligini nazorat qilamiz. Aniqlangan shaxslar migratsiya rejimi qoidalarini buzgan va qonunga muvofiq mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Bizning vazifamiz — shahar aholisi xavfsizligi va jamoat tartibini, shuningdek, Qozog‘iston respublikasi hududida bo‘lganlarning qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashdan iborat», deya ta’kidladi Olmaota shahar IIB migratsiya xizmati boshqarmasi boshlig‘i Yerkin Amantayev.

Ta’kidlanishicha, mamlakatdan chiqarib yuborish amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilgan holda, har bir shaxsni hujjatlashtirish va chegaragacha xavfsiz olib borishni nazorat qilish orqali amalga oshirilgan.

 

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 32

Barchasi

Mavzuga oid