Poytaxtbank kuzatuv kengashining barcha a’zolari vakolati muddatidan oldin tugatildi
2025-yilda eng kam foyda olgan banklardan birining kuzatuv kengashi to‘liq yangilandi. Yangi tarkibga Otabek Mustafoyev raisi qilib tayinlandi.

Poytaxtbank kuzatuv kengashining yangi tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Qaror qilinishicha, bank kuzatuv kengashining quyidagi a’zolarining vakolatlari muddatidan avval tugatildi:
Vahobov Farrux Abduraximovich — «Minor Tasty Foods» MCHJ ta’sischisi
Muhammad Vasem Xayata — «Al Maryah Community Bank» boshqaruvi raisi
Mirzaqulov Tolibjon Oltinovich — Jett.uz asoschisi
Bahodirov Ulug‘bek Xodjito‘rayevich — «Humo» to‘lov tizimi boshqaruvi raisi
Shokirov Farhod Mansur o‘g‘li — «Qurilish Industriya hajmli Uy-Joy» MCHJ bosh direktori
Farrux Vahobov bu vaqtgacha bank kuzatuv kengashiga raislik qilib kelgan. Shu bilan birga, Muhammad Vasim Hayata va Farhod Shokirov ham 2024-yil oxiridan beri kuzatuv kengashi a’zolari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Yangi kuzatuv kengashi tarkibi quyidagicha 3 yil muddatga saylandi:
Mustafoyev Otabek Sadikovich — «Finanex» MCHJ direktori
Hamdamov Sardor Baxtiyor o‘g‘li — «Goods for Kids» MCHJ direktori
Saparov Bahodir Aktamovich — «Agat Credit» MMT bosh moliya direktori
Valid Jaafar — «DAS Holding guruhi» bosh yuriskonsulti
Sed Hasan Shaheryar — «Das Holding guruhi» bosh moliya direktori
Bunda Otabek Mustafoyev bank kuzatuv kengashi raisi, Sardor Hamdamov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Poytaxtbank 2024-yilda BAAning «Bond Investment Limited» kompaniyasiga 10 mln dollarga sotilgan.
BAA kompaniyasiga Poytaxtbankning ustav kapitalini Markaziy bank talablari doirasida 500 mlrd so‘mga yetkazish vazifasi ham yuklatilgan.
2021-yilda «Poytaxtbank»ni Rossiyaning «Ekspobank»iga sotish bo‘yicha kelishuv tuzilgan edi. Ammo keyinchalik sanksiyalar ta’siri tufayli ushbu bitim amalga oshmay, bekor qilingan.
Tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda bankning sof foydasi 14,4 mlrd so‘mga kamayib, atigi 0,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan.





