
Putin milliarderlarga Donbassni to‘liqligicha talab qilayotganini so‘zlab berdi
Vladimir Putin rossiyalik yirik biznes vakillari bilan yopiq uchrashuvda AQSH bilan muzokaralarda Donbassning butun hududini talab qilishda davom etayotganini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik biznes vakillari bilan yopiq uchrashuvda Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar mavzusiga alohida to‘xtaldi. «Kommersant’» nashrining yozishicha, u Rossiya Donbassning butun hududini talab qilishda qat’iy ekanini bildirgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Putin muzokaralarda Rossiya harbiy yo‘l bilan egallay olmagan Donbass hududlari ham Moskva nazoratiga o‘tishi kerakligini aytgan. Shu bilan birga, u ayrim hududlar bo‘yicha cheklangan almashinuv ehtimolini ham istisno qilmagan.
Putin Kramatorsk–Konstantinivka–Slovyansk sanoat tuguni bo‘yicha masala muhokama qilinmasligini ta’kidlagan. U, shuningdek, AQSH ayrim tashabbuslar bo‘yicha Yevropa bilan maslahatlardan keyin pozitsiyasini o‘zgartirayotganini «kuchsizlik» deb atagan.
«The Bell» nashri ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda qatnashgan biznesmenlar ro‘yxati oshkor etilmagan. Manbalarning aytishicha, sanksiyalardan qutulgan ayrim ishtirokchilar yana cheklovlar ostiga tushmaslik uchun ochiq ko‘rinishdan qochgan.
Bundan avval Bloomberg manbasi Moskva Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy taklif qilgan 20 punktli tinchlik rejasini qayta ko‘rib chiqishni talab qilayotganini xabar qilgan edi. Kreml NATO sharq tomon kengaymasligi, Ukraina neytral maqomi va Ukraina qurolli kuchlari soni bo‘yicha qat’iy cheklovlarni istamoqda.
24-dekabr kuni Zelenskiy rejaning barcha 20 bandini e’lon qilgan edi. Unda Ukraina suvereniteti kafolatlanishi, xalqaro xavfsizlik kafolatlari berilishi va hududiy masalalar referendum orqali hal qilinishi taklif etilgan.





