Logo

Raqobat qo‘mitasi ikki qurilish kompaniyasini jarimaga tortdi

Bugun 15:352 daqiqa

«Elita Stroy Building» va «Glamur Gold» qurilish kompaniyalari elektron ro‘yxatga kiritilmagan turar joy majmualarini ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilgan.

Raqobat qo‘mitasi ikki qurilish kompaniyasini jarimaga tortdi © vaqt.uz

Qurilish kompaniyalari «Elita Stroy Building» va «Glamur Gold» reklama qonunchiligi talablarini buzgani uchun moliyaviy jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Prezidentning 2020-yil 27-maydagi PQ-4732-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ulush kiritish asosida mablag‘ jalb qiluvchi quruvchilar maxsus elektron ro‘yxatga kiritilmasdan turib qurilish obyektlarini reklama qilishi taqiqlangan.

Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlar davomida har ikki kompaniyaning turar joy majmualari mazkur elektron ro‘yxatga kiritilmagani, ammo ular ijtimoiy tarmoqlar orqali faol tarzda reklama qilib kelingani aniqlangan.

Qonun talabi

Qo‘mita qayd etishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, qonunchilikda taqiqlangan yoki sotilishi uchun zarur ruxsatnoma, litsenziya yoki boshqa majburiy hujjatlar mavjud bo‘lmagan tovar va xizmatlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu asosda Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi har ikki kompaniyani qonunbuzar deb topdi va ularga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Bundan tashqari, kompaniyalarga qonunbuzilishni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarni takrorlamaslik yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, fuqarolarga ulush kiritish asosida uy-joy xarid qilishdan oldin quruvchining elektron ro‘yxatga kiritilganini tekshirish, shartnoma shartlari, qurilish muddatlari va tomonlarning javobgarligiga alohida e’tibor qaratish tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi choragida Raqobat qo‘mitasiga qurilish sohasida qariyb mingta shikoyatlar kelib tushgan.

Teglar

Mavzuga oid