Putin Rossiya iqtisodiyotida pasayish boshlanganini tan oldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026 yil boshida mamlakatning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari manfiy hududga o‘tganini ma’lum qildi. RF yalpi ichki mahsuloti so‘nggi uch yil ichida ilk bor pasayish qayd etdi.

Iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda Putin Rosstat ma’lumotlariga tayanib, joriy yilning yanvar oyida Rossiya YAIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga kamayganini keltirdi. Sanoat ishlab chiqarishi esa 0,8 foizga pasaygan. RF prezidentining ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar hukumat uchun kutilmagan hol emas, biroq buyog‘iga mamlakatni «barqaror iqtisodiy o‘sish trayektoriyasiga» qaytarish, inflatsiya va ishsizlikning oldini olish zarur.
Yanvar-fevral oylari yakuniga ko‘ra, federal budjet 3,5 trln rubl miqdorida taqchillik bilan chiqqan. Umumiy daromadlarning kamayishi fonida Putin budjet tizimining «uzoq muddatli barqarorligini» ta’minlash uchun vazmin qarorlar qabul qilishga chaqirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda iqtisodiy o‘sish besh barobarga sekinlashib, 1 foizni tashkil etgan edi. Joriy yilda esa RF iqtisodiyotining 28 ta asosiy tarmog‘idan 21 tasi pasayish bilan ishlamoqda.
Tarmoqlardagi inqiroz
Rossiya sanoatida keng ko‘lamli pasayish kuzatilmoqda: foydali qazilmalarni qazib olish 1,6 foizga, metallurgiya 2,1 foizga, kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqarish esa 3,5 foizga kamaygan. Hatto so‘nggi 15 yil ichida ilk bor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda ham 0,5 foizlik pasayish qayd etildi. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi yil boshida YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozini 1,3 foizdan 0,7 foizgacha tushirishni ko‘rib chiqmoqda.
«Bloomberg» manbalariga ko‘ra, xomashyo daromadlari ikki barobarga kamayishi ortidan hukumat budjet xarajatlarini 10 foizga sekvestr qilishga (qisqartirishga) tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu qisqartirish harbiy va ijtimoiy sohalardan tashqari barcha xarajatlarga daxl qiladi. Hukumat shu yo‘l bilan qariyb 2 trln rublni tejab qolmoqchi, chunki budjetning neft va gazdan tashqari daromadlari ham soliq islohotlariga qaramay kutilganidan kam bo‘lishi bashorat qilinmoqda.
Soliq islohotlari
Gaydar instituti eksperti Ilya Sokolovning ogohlantirishicha, QQS stavkasining 22 foizgacha oshirilishi va kichik biznesga soliq yukining ko‘payishiga qaramay, iqtisodiyotning sekinlashishi budjetga mablag‘ tushishini kamaytiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, g‘aznaga rejalashtirilganidan 500 mlrd rubl kamroq QQS va 200 mlrd rublgacha kamroq foyda solig‘i tushishi mumkin.
Agar budjet xarajatlari rejadan 1 trln rublga oshib ketsa, yil yakunidagi taqchillik rejalashtirilgan pasayish o‘rniga 8 trln rublgacha yetishi mumkin. Bunday sharoitda Rossiya hukumati uchun energiya resurslari narxining oshishi va ichki xarajatlarni keskin jilovlash yagona chiqish yo‘li bo‘lib qolmoqda. Putin iqtisodiy tizimning barqarorligi budjet holatiga bog‘liq ekanini alohida qayd etdi, biroq real ko‘rsatkichlar Rossiya iqtisodiyoti turg‘unlik (stagnatsiya) davriga kirganini ko‘rsatmoqda.





