Putin yangi qisman harbiy safarbarlikka zamin hozirlamoqda — ISW
Amerikadagi «Urushni o‘rganish instituti» tahlilchilariga ko‘ra, Kreml armiyadagi yo‘qotishlarni qoplash uchun yangi «qisman safarbarlik»ka informatsion zamin yaratmoqda.

Amerikadagi «Urushni o‘rganish instituti» (ISW) hisobotiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin majburiy qisman chaqiruvni qayta joriy etish uchun axborotiy sharoit tayyorlamoqda. Tahlilchilarning fikricha, 2025 yil oxirida qabul qilingan qonunlar Mudofaa vazirligiga 2 millionlik safarbarlik zaxirasini jalb etish imkonini beradi.
Hisobotda qayd etilishicha, kontrakt asosida xizmatga jalb etilayotganlar soni frontdagi yo‘qotishlarni qoplamayapti. G‘arb razvedkalari baholashlariga ko‘ra, yanvar oyida armiya yo‘qotishlaridan 9 ming nafarga kamroq odam jalb qilingan. Shu bilan birga, noyabrdan boshlab harbiy komissariatlar yil davomida chaqiruv olib bormoqda, dekabrda esa zaxiradagi harbiylar yig‘inlari to‘g‘risidagi qonun imzolangan.
Yangi qonunda nima deyilgan?
Rasmiylar zaxiradagi harbiylar faqat «muxim obyektlarni qo‘riqlash» uchun jalb etilishini aytgan. Biroq qonun matnida ularni Rossiya tashqarisida ham qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilgani ta’kidlanadi.
2022 yil sentabrdagi avvalgi qisman safarbarlik keng norozilik va ommaviy chiqib ketishlarga sabab bo‘lgan edi. ISW ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda 700–900 ming kishi mamlakatni tark etgan. 2022 yilda safarbar etilgan 300 ming kishidan 2025 yil may holatiga ko‘ra frontda 78 ming nafari qolgan.
Og‘ir tanlov
ISWʼning ta’kidlashicha, Putin ancha vaqtdan buyon «to‘p va moy» o‘rtasida muvozanat saqlashga urinib kelmoqda. Bir tomondan, yangi safarbarlik ijtimoiy norozilik xavfini oshiradi, ish kuchlari sonini qisqartiradi ikkinchi tomondan, armiya sonini saqlash zarurati bor.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi shartnoma asosida 422,7 ming askar jalb etgan. Bu 2024 yilga nisbatan kam. CSIS baholashiga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya armiyasi 425 ming nafar yo‘qotishga uchragan, urush boshidan beri jami yo‘qotishlar 1,2 million nafarni tashkil etgan. Tahlilchilarga ko‘ra, 2026 yilga borib kontrakt tizimi imkoniyatlari cheklanishi mumkin.





