
Putinning «buyuk qudratli davlat» loyihasi tugash arafasida — «Politico»
«Politico» nashri tahliliga ko‘ra, Ukrainadagi cho‘zilgan urush va xalqaro maydonda ittifoqchilarni yo‘qotish Kremlning «buyuk qudratli davlat» da’volarini jiddiy sinov ostida qoldirdi.

«Politico» nashri tahliliga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mamlakatni yana global superqudrat sifatida shakllantirishga qaratilgan loyihasi izchil ravishda murakkabliklarga duch kelmoqda. Ukrainadagi urush maydonidagi qiyinchiliklar va xalqaro maydonda ittifoqchilarning susayishi Kremlga yaqin sharhlovchilar orasida ham «bir davr yakunlanmoqda» degan qarashlarni kuchaytirmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi bosqinni aslida bir necha kun ichida yakunlashni rejalashtirgan edi. Biroq urush allaqachon sovet ittifoqi uchun ulug‘ vatan urushi davom etgan muddatdan ham oshib ketdi — 1418 kundan ortiq. Shu vaqt ichida Rossiya faqat Ukraina hududining ma’lum bir qismini egallay oldi, yo‘qotishlar esa turli baholarga ko‘ra 1,1 million nafarga yetgan. Mamlakat ichida ham ijtimoiy bosim ortib bormoqda: joriy yil iyulida Belgorod oblastida Ukraina zarbasidan so‘ng yuz minglab aholi elektr ta’minotisiz qolgan.
Tahlilga ko‘ra, Moskva tashqi siyosatda ham jiddiy yo‘qotishlarga uchramoqda. 2024 yil oxirida Rossiya Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchilaridan biri — Suriyadagi Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng o‘z ta’sirini yo‘qotdi. Janubiy Amerikada esa Kreml AQSHning Venesuela sobiq rahbari Nikolas Maduroni hibsga olishining oldini olishga qodir bo‘lmadi. Shu bilan birga, ilk bor Rossiya bayrog‘i ostidagi neft tankeri AQSH tomonidan qo‘lga olindi.
Xavf ostida qolgan yana bir strategik sherik — Eron hisoblanadi. Moskva va Tehron o‘rtasida 2024 yilda 20 yillik shartnoma imzolangan bo‘lsa-da, ommaviy noroziliklar va AQSH prezidenti Donald Trampning keskin bayonotlari fonida Rossiya Erondagi rejimni qo‘llab-quvvatlashda zaiflik ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar fikricha, Rossiyaning Eron va Venesuela bilan ittifoqi avvaldanoq barqaror strategik tanlovdan ko‘ra, majburiy yaqinlashuv bo‘lgan.
Nashrning qayd etishicha, hatto Rossiyaga moyil muhitda ham tanqidlar kuchaymoqda. Harbiy bloger Maksim Kalashnikov Rossiya ko‘proq «buyuk qudratli davlat» obrazini yaratganini, amalda esa bu maqomga to‘liq erisha olmaganini ta’kidlagan. Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, Kreml mavjud sharoitda siyosatni yumshatishdan ko‘ra, kuch namoyishini avvalo Ukrainada davom ettirishni afzal ko‘rishi mumkin. Biroq bu yo‘l xalqaro yakkalanish va ta’sir doirasining yanada qisqarishiga olib kelishi xavfi saqlanib qolmoqda.





