
Qamchiq dovonida qor yog‘moqda
4 noyabr kuni Qamchiq dovonining yuqori qismida qor yog‘a boshladi. FVV, YPX va «Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK xizmatlari yo‘lni tozalash hamda haydovchilar xavfsizligini ta’minlash ishlarini kuchaytirdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot berishicha, Qamchiq dovoni hududida yog‘ayotgan qor sababli yo‘l xizmatlari va qutqaruvchi guruhlar faoliyati kuchaytirilgan. Hozirda dovonning yuqori qismida qor mayin tarzda yog‘moqda, yo‘lning qoplamasi esa muntazam ravishda tozalanmoqda.
FVV, YPX va «Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK xodimlari hamkorlikda muzlamalarning oldini olish va qum–tuz aralashmasini sepish ishlarini amalga oshirmoqda. Bu choralar transport vositalari harakatini xavfsiz va uzluksiz ta’minlashga qaratilgan.
Qutqaruvchilar yo‘lda qolib ketgan haydovchilarga amaliy yordam ko‘rsatib, texnik nosozlik yoki muzlagan yo‘l sababli to‘xtab qolgan transport vositalarini xavfsiz joyga chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Yo‘ldagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Vazirlik haydovchilardan dovon orqali harakatlanishda ehtiyotkorlikni kuchaytirishni so‘ramoqda. Xususan, qishki shinalardan foydalanish, tezlik va masofa me’yorlariga rioya qilish hamda transport vositasini qish mavsumiga tayyor holatda saqlash tavsiya etilgan.





