
Qarshiga Xitoydan 43 ta avtobus olib kelindi
Keltirilgan yangi avtobuslar to‘rt yo‘nalishda ish boshlaydi. Qarshi shahrida jamoat transporti qamrovi sezilarli kengayishi kutilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri jamoat transporti parki Xitoyda ishlab chiqarilgan 43 ta yangi avtobus bilan to‘ldirildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, avtobuslar tadbirkorlar tomonidan investitsiya mablag‘lari hamda bank kreditlari hisobidan olib kelingan. Loyihaning umumiy qiymati 3 million 300 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Keltirilgan avtobuslarning 37 tasi Yutong, 6 tasi esa Asiastar rusumiga mansub.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi avtobuslar Qarshi shahri uchun tasdiqlangan transport bosh rejasi asosida belgilangan to‘rtta yo‘nalishga joylashtirilmoqda. Bu orqali shaharda jamoat transporti harakati yanada tizimli yo‘lga qo‘yiladi.
Natijada Qarshi shahrida brutto-shartnoma tizimida faoliyat yuritayotgan avtobus yo‘nalishlari soni 12 taga, ushbu yo‘nalishlarda harakatlanadigan avtobuslar soni esa 139 taga yetadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu avtopark bir kunda 150 ming nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Qayd etilishicha, yangi avtobuslar sovitish va isitish tizimlari, bekatlar haqida ovozli e’lonlar, elektron to‘lov imkoniyati hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun maxsus moslamalar bilan jihozlangan. Bu esa yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026 yilda besh nafar tashabbuskor tadbirkor tomonidan yana 100 ta zamonaviy avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ular Qarshi shahridagi to‘qqizta yangi brutto-shartnoma yo‘nalishlariga joylashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.





