add

Qirg‘iziston telekanallarida eski ko‘rsatuvlar va rus tilidagi efirlar cheklanadi

Bugun 17:552 daqiqa

Bishkek telekanallar uchun davlat tili ulushini oshirib, ruscha efirlarni keskin cheklamoqda.

Qirg‘iziston telekanallarida eski ko‘rsatuvlar va rus tilidagi efirlar cheklanadi

Qirg‘iziston hukumat organlari mamlakatdagi telekanallardan efir vaqtining kamida 60 foizini qirg‘iz tilida olib borishni qat’iy talab qilmoqda. Bu haqda Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Marat Tagayev telekompaniyalar bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim xususiy kanallar talabni rasman bajarayotgandek ko‘rsatish uchun o‘n yil oldin ishlangan qirg‘izcha dasturlarni qayta-qayta efirga uzatmoqda, ammo yangi mahalliy kontent yaratmayapti.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, davlat xususiy telekanallar faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqchi emas, biroq qonun talablari, ayniqsa davlat tiliga oid me’yorlar so‘zsiz bajarilishi shart. Tagayev bu masalani tomoshabinlar huquqini himoya qilish bilan izohladi. Davlat tomonidan kanallarga qo‘shimcha imkoniyat sifatida «Qirg‘izfilm» va «Qirg‘izserial» fondlaridan 400 dan ortiq film, 40 ta multfilm va 10 ta serial bepul taqdim etilgan.

Telekanallar fevral oyi oxirigacha ushbu muassasalar bilan shartnoma tuzib, qirg‘iz tilidagi kontentni efirga joylashi kerak. Aks holda, yil oxiriga borib hukumat tomonidan choralar ko‘rilishi ogohlantirildi. Bu o‘zgarishlar 2025 yil avgustda qabul qilingan qonunga tayanadi. Ilgari qirg‘iz tilidagi kontent uchun talab 50 foizni tashkil etgan edi.

Ayni paytda Qirg‘izistonda 42 ta telekanal faoliyat yuritadi. Ulardan ikkitasi — NTRK va ELTR to‘liq davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, davlatlararo «Mir» teleradiokompaniyasi ham budjet hisobiga ishlaydi. 2026 yilda mamlakatda teleradio sohasiga davlat xarajatlari 1,67 mlrd qirg‘iz so‘migacha oshirilishi rejalashtirilgan.

Tahlilchilar bu siyosatni Bishkekning axborot sohasida «rus dunyosi» ta’siridan bosqichma-bosqich uzoqlashish harakati sifatida baholamoqda.

Teglar

Mavzuga oid