
Qo‘li uzun davlat xodimlari, yangi lavozimli Allamjonov, O‘zbekistondagi pulli yo‘l — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.
Bugun O‘zbekistonda ayrim hokim-u, «zamhokim»larining tili burro, qo‘li yuguruk. Ularning qo‘l ostida ishlovchi xodimlar uchun bunday zug‘um va zulmga chidab ishlash oson emas.
So‘nggi kunlarda daraxtlarning kesilishi, havoning changligi tufayli nafas olishning qiyinlashgani muhokama markazida bo‘lib turgan bir paytda, Buvayda tumani hokimi o‘rinbosarining daraxt kesilishiga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan ekologiya inspektorini yoqasidan olib, unga kuch ishlatgani aks etgan video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Shu va haftaning boshqa voqealari bugun haftalik dayjestimizda:
· Masjidlarda yomg‘ir so‘rab duo qilgan o‘zbekistonliklar
· Jahon kubogi sohibiga aylangan Javohir Sindorov
· Yangi lavozimga tayinlangan Komil Allamjonov
· Toshkent-Andijon pulli yo‘li qanday bo‘ladi?
«Zamhokim» ekologga qo‘l ko‘tardi
Buvaydada hokim o‘rinbosari ekologik inspektorga kuch ishlatdi. Ekologik inspektor Ahrorjon Niyozov kanal yoqasidagi noqonuniy daraxt kesilishini to‘xtatmoqchi bo‘lganida, tuman hokimi o‘rinbosari Sayidjon Xizirov unga zo‘ravonlik bilan qarshi chiqqan.
Guvohlarga ko‘ra, inspektor avval kaltaklangan, keyin esa Milliy gvardiya va IIB xodimlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etilayotgan hududdan kuch bilan olib chiqilgan.
Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi esa Buvayda tumanidagi Nayman qishlog‘ida noqonuniy daraxt kesish holati tasdiqlanganini ma’lum qildi. Reyd paytida 26 tup daraxt kesilgani aniqlanib, 10,3 mln so‘m jarima va 45,8 mln so‘m zarar hisoblangan.
Adolat qaror topib, ekolog qo‘l ko‘targan hokim o‘rinbosari ishdan olindi va kamiga unga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yana bir zamhokim — Shodmon Allaberdiyev xodimlarni bo‘ralatib so‘kayayotgani aks etgan audio tarqaldi.
Aniqlanishicha, u so‘kong‘ich rahbar Uzun tumani hokim o‘rinbosari ekan. Tuman hokimligi rasmiy munosabatda, suvdan tejamkor foydalanish va belgilangan tartibga rioya qilish vazifasi berilganini, tartibga amal qilmaganlar bo‘yicha choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Bu voqea bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda.
Masjidlarda yomg‘ir so‘rab duo qilindi
Bu yil kuzda yurtimizda deyarli yog‘ingarchilik kuzatilmadi. Azim Toshkent esa dunyodagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatidan tushmay qoldi.
Hafta yakunida o‘zbekistonliklar duoga qo‘l ochib birlashdi. muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbusi bilan juma namozidan so‘ng O‘zbekistondagi barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rash maqsadida ikki rakat istisqo namozi o‘qildi. Qolaversa, Makka va Madinada umrada bo‘lgan ellikboshi imom-domlalarga ham o‘z guruhlari bilan Harami Shariflarda istisqo namozini o‘qish tavsiya qilindi.
«O‘zgidromet» prognozlariga ko‘ra, Toshkentda rostmana yomg‘ir 8-9-dekabr kunlarida kutilmoqda. Ungacha 1-dekabr va 4-dekabr kuni qisqa muddatli yog‘ing‘archiliklar bo‘lishi ehtimoli ham ma’lum qilinmoqda.
Javohir Sindorov Jahon kubogi sohibi
Bu hafta O‘zbekiston uchun muhim va quvonchli voqea bilan yakun topmoqda. O‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi finalida xitoylik Vey Yi ustidan g‘alaba qozondi. Shu tariqa, 19 yoshli Sindorov bunday turnirda g‘olib bo‘lgan eng yosh shaxmatchiga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Javohir bilan telefon orqali suhbatlashib, tarixiy g‘alaba bilan qutladi. Yosh sportchi Prezidentga jahon shaxmat tojini ham O‘zbekistonga olib kelishga va’da berdi.
Sindorov musobaqa g‘olibi sifatida FIDE tomonidan 120 ming dollar mukofot berildi. Qolaversa, Prezident farmoni bilan, Jahon kubogi sohibi bo‘lgan 19 yashar shaxmatchiga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni berildi. Unga Prezident sovg‘asi sifatida 3 xonali xonadon, uning murabbiylariga esa pul mukofotlari topshiriladi.
Endi Javohir Sindorov 2026 yil 28-martdan 16-aprelga qadar Kiprda o‘tkaziladigan da’vogarlarning asosiy turnirida ishtirok etadi.
Maishiy havo tozalagichlar uchun boj bekor qilindi
Toshkent havosi chang bilan to‘lib, odamlarning nafasini siqayotgan bir paytda, ayrim savdogarlar mo‘mayroq daromad qilish uchun, havo tozalovchi uskunalarning narxini asossiz 2-3 barobar oshirmoqda. To‘g‘ri, talab keskin oshgach, taklif qisqaradi va narxlar oshadi. Bu —bozor qonuni. Ammo insof sari baraka, deyishadi-ku?..
Shunday vaziyatda Prezident farmoniga muvofiq, maishiy havo tozalagichlarni O‘zbekistonga olib kirishda bojxona boji bekor qilindi.
Shuningdek, shu farmonga ko‘ra, atmosfera havosining PM2.5 zarrachalari bilan ifloslanishini o‘rganish maqsadida Ekologiya qo‘mitasi huzurida maxsus laboratoriya tashkil etiladi.
Atmosfera monitoringi uchun zarur bo‘lgan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalar, kuzatuv postlari va tozalash texnologiyalari ham bojxona bojidan ozod etilmoqda.
Natijada, tadbirkorlar ham, fuqarolar ham maishiy havo tozalagichlarni boj to‘lovisiz olib kirishi mumkin bo‘ladi.
Endi eski avtomobil o‘rniga yangisini olish mumkin
Toshkentdagi ekologik vaziyat fondida eski avtomobilini yangilamoqchi bo‘lgan fuqorolarga yangi taklif berildi.
O‘zbekistonda 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan va ekologik talablarga to‘liq javob bermaydigan avtomobillarni trade-in orqali yangilash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu tizim Toshkent osmonini tutun pardasidan xaloc etish va shahar havosini yanada musaffo va sog‘lom qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mexanizm joriy etilganda eskirgan va ekologik jihatdan zararli avtomobillar o‘rnini yangi avlod va ekologik toza transport vositalari egallaydi. Bu haydovchilarga mashinalarini yangilash imkonini beradi va Toshkent havosining tozalanishiga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «trade-in» — inglizcha ibora bo‘lib, eski narsani topshirib, ustiga ma’lum miqdorda pul qo‘shib, yangisini olish degan ma’noni anglatadi.
Komil Allamjonov yangi lavozimga tayinlandi
Shaxmatda har bir dona o‘z vazifasini aniq bajargani kabi, davlat boshqaruvida ham kadrlar mas’uliyati muhim. Agar ular ishini vijdonan bajarmasa, tizim samarasiz bo‘ladi va islohotlar sekinlashadi.
Shu nuqtayi nazardan, yangi tayinlovlar ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Saida Mirziyoyeva farmoyishi bilan Allamjonov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili bo‘ldi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, Allamjonov yangi vazifalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi lavozimidagi faoliyatini ham davom ettiradi.
Abduhakimov qo‘lidagi tatuirovka
Yangidan tashkil etilgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimovning jurnalistlar bilan uchrashuvda chap qo‘lidagi tatuirovka bilan ko‘rinish berishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga aylandi.
Kimdir uni qandaydir sektaga a’zo bo‘lgan desa, yana boshqalar bu ramz orqali «nomenklaturada qolish sirlari»ni qidira boshladi.
Vaqt.uz muxbirining aniqlik kiritishicha, bu belgining hech bir maxfiy tashkilotga aloqasi va qandaydir ramz yoki irim sirimlar bilan bog‘liq ma’nosi yo‘q.
Abduhakimov yaqinda BMTning Braziliyaning Belen shahrida o‘tkazilgan va iqlim muammolariga bag‘ishlangan COP30 anjumanida ishtirok etgan. Amazonka mintaqasida mehmonlarga hurmat sifatida shunday tatuirovka chizish an’anasi bor. Uni qabul qilish esa mahalliy xalq qadriyatlariga ehtirom ifodasi hisoblanadi.
Belgi odatda tananing istagan qismiga chiziladi, anjumanda ishtirok etgan ba’zi mehmonlar hattoki yuziga ham chizdirgan. Abduhakimov esa qo‘lini tanlagan.
Xullas, tatuirovka 10–15 kun saqlanadi va o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.
Toshkent–Andijon pulli yo‘li qachon bitadi
Toshkentdan Andijongacha quriladigan 314 kilometrlik yangi avtomagistral soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkonini beradi. Ushbu loyihaning qurilish muddati taxminan 4 yil davom etadi.
Yangi pulli yo‘l masofani 2 soatu 14 daqiqada bosib o‘tish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, 314 kilometr avtomagistral sement-beton qoplamali, olti polosali va 1A toifada quriladi.
Loyihaning umumiy qiymati tender g‘olibi aniqlangandan keyin ma’lum bo‘ladi, qurilish muddati esa taxminan to‘rt yil davom etadi.
Ushbu yo‘l tarkibida umumiy uzunligi 33 kilometrga teng 10 ta tunnel, 1122 metrlik 102 ta yo‘l o‘tkazgich bo‘ladi. Tenderda uchta kompaniya ishtirok etmoqda, g‘olib 2026 yilning birinchi yoki ikkinchi choragida e’lon qilinishi mumkin.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huquqiy maslahatchisi Hasan Umarovning so‘zlariga ko‘ra, pulli yo‘lda har 100 kilometr masofani bosib o‘tish taxminan 50 ming so‘mga tushadi. Uning ta’kidlashicha, oddiy yo‘llarda tezlikni oshirish uchun jarima to‘lash ehtimoli yuqori bo‘lsa, pulli yo‘l uzluksiz harakatni ta’minlab, yo‘l xarajatlarini kamaytirishi mumkin.
Pulli yo‘lda servis xizmatlari yuqori darajada bo‘ladi: har 50–100 kilometrda yoqilg‘i shoxobchalari, dam olish maskanlari va to‘xtash joylari barpo etiladi. Shuningdek, tez yordam, ichki ishlar va favqulodda xizmat mashinalari yo‘ldan bepul foydalanadi.
Teglar






