Qoraqalpog‘istonda metan «zapravka»lar vaqtincha yopildi
Hududda havo haroratining keskin pasayishi natijasida gaz ta’minoti birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklandi. Bu haqda «Hududgaz Qoraqalpog‘iston» gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, hududda havo haroratining keskin pasayishi natijasida magistral gaz tarmoqlarida bosim tushib ketgan. Shu bois gaz ta’minoti birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilmoqda.
Korxona izohida ta’kidlanishicha, metan «zapravka»larga bosqichma-bosqich vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Bu choralar maishiy iste’molchilarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, mavjud vaziyat uzog‘i bilan 3–4 kun ichida barqarorlashishi kutilmoqda. Gaz bosimi tiklanishi bilan shoxobchalar faoliyati ham bosqichma-bosqich qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Qoraqalpog‘istonda qanday ob-havo kuzatilmoqda
«O‘zgidromet» prognozlariga ko‘ra, 26-fevraldan 1-martgacha Qoraqalpog‘istonda havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 28-fevral kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yoki qor yog‘ishi mumkin.
Harorat kechasi 26–27-fevralda -2...-7 daraja, 28-fevral – 1-martda esa 0...-5 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi 26–28-fevralda 0...+5 daraja, 1-mart kuni +2...+7 daraja iliq ob-havo kuzatilishi prognoz qilingan.





