
QQS tushumlarining bir qismi mahalliy byudjetlarga yo‘naltiriladi
QQSdan tushgan mablag‘larning muayyan ulushi hududlarning mahalliy byudjetlariga ajratiladi. Shuningdek, mahalliy byudjetlarga ajratilgan ushbu mablag‘larning kamida 50 foizi tuman va shaharlar byudjetlariga o‘tkazilishi aytilmoqda.

QQS tushumlarining bir qismi mahalliy byudjetlarga yo‘naltirilishi belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ko‘rib chiqish jarayonida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avval qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat byudjetiga o‘tib ketar edi. Endi esa tushgan tushumlarning 5 foizi Toshkent shahri mahalliy byudjetiga yo‘naltiriladi. Ushbu tushumlarning 20 foizi esa qolgan viloyatlarga ajratiladi. Prezident qarori bilan belgilangan yirik soliq to‘lovchilar bu tartibdan mustasno hisoblanadi.
Shu bilan birga, mahalliy byudjetlarga ajratiladigan ushbu mablag‘larning kamida 50 foizi tuman va shaharlar byudjetlariga o‘tkazilishi shart qilib belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq umumiy ovqatlanish korxonalariga qariyb 44 mlrd so‘m QQS qaytarilganligi haqida xabar berilgan edi.





