add

Qurilish kompaniyalari iste’molchilarga 6,7 mlrd so‘m qaytaradi

Bugun 12:552152 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan uy-joyni o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar foydasiga milliardlab so‘m undirildi.

Qurilish kompaniyalari iste’molchilarga 6,7 mlrd so‘m qaytaradi

Toshkent viloyatida qurilish kompaniyalari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagani yuzasidan iste’molchilar foydasiga katta miqdorda mablag‘ undirildi. Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida 5 ta qurilish kompaniyasiga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda xonadon xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilganiga qaramasdan, ayrim quruvchi tashkilotlar belgilangan muddatlarda uy-joylarni topshirmagani qayd etilgan. Bu holatlar iste’molchilarning qonuniy huquqlari buzilishiga olib kelgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasiga muvofiq, ijrochi shartnomada ko‘rsatilgan muddat, hajm va sifat talablariga qat’iy rioya etgan holda ishlarni bajarishi shart. Ushbu talablarga amal qilinmasligi qonunbuzarlik hisoblanadi.

Shu munosabat bilan hududiy boshqarma tomonidan iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud organlariga da’vo arizalari kiritildi. Jami 32 nafar iste’molchi manfaatida 11 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan.

Olib borilgan sud ishlari natijasida «GLAMUR GOLD», «TRANSPORT FREE GROUP», «LUCKY TECHNICAL», «BROCCOLI PLUS» va «NUR» mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga nisbatan 16 nafar iste’molchi foydasiga jami 6,7 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ni qaytarish haqida hal qiluv qarorlari qabul qilindi. Mazkur mablag‘lar qurilish kompaniyalari tomonidan iste’molchilarga qaytarilishi belgilandi.

Ayni vaqtda qolgan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha sud jarayonlari qonunchilikda belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid