
Qurollanish poygasi: eng katta byudjetga ega bo‘lgan armiyalar
Geosiyosiy keskinlik kuchaygan sharoitda dunyo davlatlari xavfsizlikni ta’minlash uchun harbiy byudjetlarni rekord darajada oshirmoqda. Bu esa global qurollanish poygasini yanada tezlashtiryapti.

So‘nggi yillarda jahon xaritasida tinchlik masalasi yana eng zaif nuqtaga aylandi. Mintaqaviy urushlar, katta davlatlar o‘rtasidagi raqobat va xavfsizlikka bo‘lgan ishonchsizlik davlatlarni armiyaga yanada ko‘proq mablag‘ ajratishga majbur qilmoqda. Bu esa davlatlarga dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini saqlab qolishga, shuningdek, boshqa davlatlarga qaysidir ma’noda ta’sir ko‘rsatishga ham imkon yaratmoqda.
Xalqaro tahlillarga, jumladan Visual Capitalist infografikalariga ko‘ra, dunyodagi eng kuchli armiyalar aynan eng yirik harbiy byudjetga ega mamlakatlar hisoblanadi.
bugungi kunda mutlaq yetakchilikni AQSH saqlab turibdi. saqlab turibdi. Mamlakat yillik harbiy xarajatlar uchun 900 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflaydi va bu jahondagi umumiy harbiy byudjetlarning qariyb 40 foizini tashkil etadi. AQSH Qurolli Kuchlari tarkibida taxminan 1,4 million nafar safdagi harbiy xizmatchi va 800 mingga yaqin zaxira mavjud. Amerika armiyasining asosiy jihati — havo va dengizdagi mutlaq ustunlik. 11 ta avianosets, strategik aviatsiya, F-22 va F-35 kabi zamonaviy jangchi samolyotlar, yadroviy tiyib turish tizimi, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlikka asoslangan infratuzilma AQSHni dunyodagi eng qudratli harbiy kuchga aylantirgan. Uning harbiy bazalari sayyoraning deyarli barcha strategik hududlarida joylashgan. NATO umumiy harbiy xarajatlarining deyarli uchdan ikki qismi ham aynan AQSH hisobiga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchi o‘rinda Xitoy turadi. Pekin so‘nggi yillarda harbiy byudjetini izchil oshirib, uni 300 milliard dollar atrofiga yetkazdi. Xitoy Xalq ozodlik armiyasi dunyodagi eng ko‘p sonli harbiy tuzilma bo‘lib, taxminan 2 million nafar safdagi va 1,2 million zaxirachiga ega. Asosiy e’tibor harbiy-dengiz flotini kuchaytirishga qaratilgan: kemalar soni bo‘yicha Xitoy dunyoda yetakchi hisoblanadi. Shu bilan birga, gipertovushli raketalar, havo mudofaa tizimlari va raketa qo‘shinlari jadal rivojlanmoqda. Bu omil Osiyo–Tinch okeani mintaqasida kuchlar muvozanatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti.
Uchinchi yirik harbiy budjet egasi — Rossiya. Ukrainadagi urush fonida Moskva mudofaa xarajatlarini keskin oshirib, yillik byudjetini 100 milliard dollardan yuqori darajaga chiqardi. Rossiya armiyasi tarkibida 1,1 millionga yaqin safdagi harbiy xizmatchi va 2 million atrofida zaxira mavjud. Asosiy ustunlik — dunyodagi eng yirik yadroviy arsenal, katta zirhli texnika parki, kuchli artilleriya va suv osti floti. Rossiya harbiy strategiyasi, asosan, quruqlik qo‘shinlari va raketa kuchlariga tayanib, global tiyib turish tizimida muhim o‘rin tutadi.
To‘rtinchi o‘rinda Hindiston joylashgan. Mamlakat yiliga taxminan 75 milliard dollar harbiy budjet ajratadi. Hind armiyasi 1,45 million safdagi va 1,15 million zaxirachiga ega bo‘lib, dunyodagi eng yirik qo‘shinlardan biri hisoblanadi. Ulkan inson resursi, yadroviy salohiyat va milliy harbiy-sanoat kompleksi Hindistonni Janubiy Osiyodagi asosiy harbiy kuchga aylantirgan. Mamlakat bosqichma-bosqich modernizatsiya orqali o‘z harbiy ta’sirini kengaytirmoqda.
Janubiy Koreya harbiy budjet hajmi jihatidan keyingi o‘rinlarda bo‘lsa-da, jangovar tayyorgarlik darajasi bilan ajralib turadi. Yillik 50 milliard dollar atrofidagi budjet, 500 ming safdagi va 3 millionga yaqin zaxira armiyasiga tayanadi. Rivojlangan mudofaa sanoati, zamonaviy raketa va aviatsiya tizimlari uni Osiyodagi eng samarali armiyalardan biriga aylantirgan.
Yevropada Buyuk Britaniya va Fransiya yetakchi hisoblanadi. Britaniya 55 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflab, ekspeditsion operatsiyalarga mo‘ljallangan armiyani saqlaydi. Fransiya esa 53–57 milliard dollarlik budjet, mustaqil yadroviy qudrat va xorijda harbiy amaliyotlar o‘tkazish qobiliyati bilan ajralib turadi. Yaponiya 60 milliard dollarlik byudjetni, asosan, flot va havo mudofaasiga yo‘naltirib, yuqori texnologiyali armiyani shakllantirgan. Turkiya va Italiya esa mintaqaviy xavfsizlikda muhim rol o‘ynab, milliy harbiy-sanoat salohiyatini izchil rivojlantirmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida harbiy xarajatlar bo‘yicha yetakchilikni O‘zbekiston saqlab turibdi. Global Firepower'ning 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, mamlakatning mudofaa byudjeti 2,8 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni mintaqada eng ko‘p harbiy mablag‘ ajratayotgan davlat sifatida ilgari surmoqda.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston egallagan bo‘lib, mamlakat harbiy ehtiyojlar uchun taxminan 2 milliard dollar yo‘naltirgan. Uchinchi o‘rinda esa Turkmaniston qayd etilgan — Ashxobod mudofaa sohasiga 1,1 milliard dollar ajratgan. Qirg‘iziston va Tojikiston esa mintaqada eng past harbiy xarajatlarga ega davlatlar sifatida qayd etilgan: Qirg‘iziston 221,8 million dollar, Tojikiston esa 446 million dollar sarflagan.
Umuman olganda, dunyoda eng ko‘p harbiy budjet ajratayotgan armiyalar jonli kuch sonidan ko‘ra ko‘proq texnologiya, logistika, razvedka va strategik imkoniyatlarga tayanayotgani bilan ajralib turibdi. Bugun harbiy qudrat — bu faqat tank yoki samolyot emas, balki iqtisodiy barqarorlik, innovatsiya va uzoq muddatli strategiyaning yig‘indisidir. Shu bois, eng katta budjet — ko‘p hollarda eng kuchli ta’sir degani hisoblanadi.





