Ramazon hayiti munosabati bilan Prezidentga kimlar tabrik yo‘lladi?
Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentiga dunyo yetakchilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan tabriklar keldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Iyd al-Fitr — Ramazon hayiti munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va diniy arboblardan qutlovlar kelib tushdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tabriknomalarda asosan O‘zbekiston xalqiga tinchlik, barqarorlik va farovonlik tilaklari bildirilgan. Shu bilan birga, mamlakat bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik alohida ta’kidlangan.
Jumladan, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd Muhammad bin Salmon, Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdog‘an, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kabi qator davlat rahbarlari o‘z tabriklarini yo‘llagan.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Eron, Pokiston, Hindiston va boshqa davlatlar yetakchilari ham qutlovlar yo‘lladi. Ular orasida Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi kabi siyosiy yetakchilar ham bor.
Bundan tashqari, BMT tizimi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlari ham tabriklar bilan chiqqan. Diniy sohada esa Al-Azhar rahbari Ahmad at-Toib va boshqa yirik ulamolar o‘z tilaklarini bildirgan.





