Logo

Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi iboralardan ogohlantirdi

Bugun 17:302 daqiqa

Qo‘mita, shuningdek, inson salomatligi bilan bog‘liq reklama iste’molchilarda shifokorga murojaat qilish shart emas, degan fikrni shakllantirmasligi kerakligini eslatdi.

Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi iboralardan ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi iboralardan ogohlantirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqatilayotgan ayrim dori vositalari reklamalarida iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan iboralar qo‘llanilayotgani kuzatilmoqda.

Jumladan, reklamalarda «noyob», «eng samarali», «eng xavfsiz», «kafolatlangan natija», «eng ishonchli vosita», «tez davolaydi», «nojo‘ya ta’sirlari mavjud emas» va «samarasi isbotlangan» kabi iboralar ishlatilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi bunday ma’lumotlar iste’molchilarda dori vositalarining xususiyatlari haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi, shifokor maslahatisiz o‘zini o‘zi davolashga undashi hamda salomatlik uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

«Inson salomatligi bilan bog‘liq reklama iste’molchilarda shifokorga murojaat qilish shart emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qonunchilik nima deydi?

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 34-moddasiga muvofiq, dori vositalari reklamalarida shifokor maslahatisiz davolanish mumkinligi haqida taassurot uyg‘otish, olimlar, tibbiyot xodimlari yoki mashhur shaxslarning tavsiyalaridan foydalanish, alohida shaxslarning minnatdorlik izhorlari va muvaffaqiyatli davolanish holatlarini keltirish taqiqlandi.

Shuningdek, dori vositasini eng samarali, eng xavfsiz yoki noyob vosita sifatida taqdim etish, uning ta’siri kafolatlanganini da’vo qilish hamda boshqa dorilar bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qo‘mita reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga, fuqarolarni esa dori vositalarini tanlashda faqat reklamalarga emas, shifokor tavsiyalariga tayanishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni asossiz narx oshirmaslikka chaqirgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi iboralardan ogohlantirdi | Vaqt.uz