«Rosatom» Erondagi «Bushahr» AES qurilishini to‘xtatdi
Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlar yadroviy infratuzilmaga tahdid solmoqda: stansiya yaqinidagi portlashlar va aloqaning uzilishi mintaqaviy miqyosdagi ekologik halokat xavfini yuzaga keltirdi.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi Erondagi «Bushahr» AESda qurilish ishlarini to‘xtatganini e’lon qildi. Korporatsiya bosh direktori Aleksey Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti doirasida stansiya joylashgan shahar zarbalar ostida qolgan, deb yozmoqda BBC.
Hozir obyektda bo‘lib turgan 639 nafar Rossiya fuqarosini guruhlarga bo‘lib olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 28-fevraldagi hujumlardan so‘ng xodimlarning farzandlari va 100 ga yaqin mutaxassis evakuatsiya qilingan edi.
Ayni paytda Eron yadroviy tarmog‘i rahbariyati bilan aloqa to‘liq uzilgan: telefon va elektron pochta xabarlariga javob berilmayapti. Lixachyovning ta’kidlashicha, stansiyaning jismoniy himoya chizig‘idan bir necha kilometr masofada portlashlar sodir bo‘lmoqda. Garchi zarbalar bevosita AESga qaratilmagan bo‘lsa-da, yaqin atrofdagi harbiy obyektlarning nishonga olinishi xavfni kuchaytirmoqda. Reaktor ichida 72 tonna, saqlash omborlarida esa yana 210 tonna yadroviy yoqilg‘i mavjudligi vaziyatni o‘ta xavfli darajaga olib chiqqan.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi ham Eron tomoni bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmayapti. 2-mart holatiga ko‘ra, «Bushahr» va Tehrondagi tadqiqot reaktorlari shikastlanmagan, qo‘shni davlatlarda radiatsiya foni me’yorda saqlanib qolgan. Biroq Grossi barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka chaqirib, yadroviy obyektga beriladigan zarba mintaqa uchun qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishini eslatdi.
Harbiy amaliyot va strategik obyekt
AQSH va Isroilning Eron harbiy va yadroviy salohiyatini yo‘q qilishga qaratilgan keng ko‘lamli operatsiyasi 2026-yil 28-fevralda boshlandi. Zarbalar 2000 dan ortiq nishonlarga, jumladan, Islom inqilobi muhofizlari korpusi obyektlari va HHM tizimlariga berilgan. Hujumlar natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy va o‘nlab yuqori martabali amaldorlar halok bo‘ldi. Eron esa Isroil va mintaqadagi AQSH bazalariga, shuningdek, Qatar, BAA va Saudiya Arabistonidagi obyektlarga raketa zarbalari bilan javob qaytarmoqda.
«Bushahr» AES nafaqat Eronda, balki butun Yaqin Sharqdagi birinchi fuqarolik atom elektr stansiyasi hisoblanadi. Uning qurilishi 1975-yilda Germaniyaning «Siemens» konserni tomonidan boshlangan va 1995-yildan beri «Rosatom» tomonidan davom ettirilayotgan edi. Birinchi energiya bloki 2013-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda qiymati 10 mlrd dollar bo‘lgan ikkinchi va uchinchi bloklarni qurish ishlari olib borilayotgan edi.
Hozirgi sharoitda stansiya blokining quvvatda turgani eng katta xavfni keltirib chiqarmoqda. Zarba berilgan taqdirda, ulkan miqdordagi bo‘linuvchi materiallarning atrof-muhitga tarqalishi mintaqaviy miqyosdagi falokatga sabab bo‘ladi.
Vladimir Putinga bu haqda ma’lumot berilgan va undan Isroil hamda AQSH yetakchilariga yadroviy xavf haqidagi ogohlantirishni yetkazish so‘ralgan.





