add

Rossiya Ukrainadagi barcha davlatga tegishli IESlarini ishdan chiqardi

8-noyabr kuni Ukraina energetikasiga qilingan eng yirik hujum oqibatida «Sentrenergo»ga qarashli barcha issiqlik elektr stansiyalari to‘liq faoliyatini to‘xtatdi.

Rossiya Ukrainadagi barcha davlatga tegishli IESlarini ishdan chiqardi

Rossiya armiyasining 8-noyabr kuni kechasi amalga oshirgan havaodan hujumlari Ukraina energetikasiga urush boshlanganidan beri eng yirik zarar yetkazdi. «Sentrenergo» davlat kompaniyasi ma’lum qilishicha, uning tarkibiga kiruvchi barcha issiqlik elektr stansiyalarining generatsiya imkoniyati to‘liq yo‘qolgan.

Korxona bayonotida qayd etilishicha, «2024 yildagi vayronkor hujumdan so‘ng tiklangan stansiyalar yana bir necha daqiqa oralig‘ida bir necha raketalar va dronlar bilan o‘qqa tutildi». Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu kabi keng ko‘lamli hujumdan buyon bir oy ham o‘tmagan edi.

«Bu tun — bizning butun generatsiyamizni bir vaqtda qulatdi. Biz harbiy obyekt emasmiz. Bizda faqat fuqarolar ishlaydi. Hozir — nol! Hech qanday elektr ishlab chiqarish qolmadi», — deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, kompaniya energetik tarmoq faoliyatini tiklashga va’da berdi: «Bizda boshqa yo‘l yo‘q. Ukraina sinmaydi!»

«Sentrenergo» tarkibidagi Zmeyovska, Tripolska va Uglegorska IESlardan so‘nggisi ayni paytda Rossiya qo‘shinlari nazoratidagi hududda joylashgan.

Hujumdan so‘ng Ukrainada bir qator oblastlarda favqulodda elektr o‘chirilishi amalga oshirildi. Kiyev shahrida ikki marta elektr ta’minoti to‘liq uzildi, grafik asosidagi uzilishlar kengaytirildi. Eng og‘ir zarar Kremenchuk shahriga yetdi — shahar to‘liq elektr ta’minotisiz qoldi.

Hujum transport tizimi ishiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ba’zi poyezdlar kechikib harakatlandi, bojxona ma’lumot bazalari ishida uzilish kuzatilib, bir necha soat davomida davlat chegarasi orqali o‘tish to‘xtatildi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya Ukrainadagi barcha davlatga tegishli IESlarini ishdan chiqardi | Vaqt.uz