
Rossiya yagona aviatashuvchi harbiy kemasidan voz kechdi
2025 yilda Rossiya sakkiz yillik ta’mir, avariyalar va milliardlab xarajatlardan so‘ng «Admiral Kuznetsov» modernizatsiyasini to‘xtatib, amalda yagona aviatashuvchi kemasisiz qoldi.

2025 yilda Rossiya o‘zining yagona aviatashuvchi harbiy kemasi hisoblangan «Sovet ittifoqi floti admirali Kuznetsov»ni amalda yo‘qotdi. Sakkiz yil davom etgan uzluksiz ta’mirlash ishlari, bir necha yirik avariyalar va katta moliyaviy xarajatlardan so‘ng kema modernizatsiyasi to‘xtatildi, deb yozmoqda Forbes.
Davlat ommaviy axborot vositalari 2024 yilda ham aviatashuvchi 2025 yilda xizmatga qaytishini da’vo qilgan edi. Biroq kema 2018 yil iyulidan buyon quruq dokda qolib ketdi va 2017 yildan beri biror marta ham jangovor suzishga chiqmagan. 2025 yil yozida modernizatsiya ishlari rasman to‘xtatildi, kuzda esa kemani konservatsiya qilish qarori qabul qilindi.
«Admiral Kuznetsov» sovet ittifoqi davrida, sovuq urush oxirida loyihalashtirilgan. U klassik aviatashuvchi emas, balki suvosti raketa tashuvchi kemalarni himoya qilishga mo‘ljallangan «og‘ir aviatashuvchi kreyser» sifatida yaratilgan. Kemada Su-33 qiruvchilari, Ka-27 vertolyotlari va kemalarga qarshi qanotli raketalar joylashtirilgan.
G‘arb aviatashuvchilaridan farqli ravishda, kemada katapulta mavjud emas edi — samolyotlar tramplin orqali uchirilar, bu esa jangovor imkoniyatlarni keskin cheklardi. Shuningdek, mazutda ishlovchi energetik tizim qalin qora tutun chiqarib, kemani xalqaro OAVda masxara mavzusiga aylantirgan.
Kema xizmati davomida doimiy muammolar bilan tilga olindi. 2009 yilda halokatli yong‘in, 2018 yilda 70 tonna og‘irlikdagi kranning palubaga qulashi, 2019 yilda yana bir yong‘in ikki inson hayotiga zomin bo‘ldi. Ta’mirlash ishlari infratuzilma nosozliklari, moliyaviy suiiste’mollar va korrupsiya ishlari bilan hamroh bo‘ldi.
2025 yilda Rossiya uchun uzoq va qimmat modernizatsiya loyihasini davom ettirish imkoni qolmadi. Natijada mamlakat aviatashuvchili flotdan amalda voz kechdi.





