add

Rossiyada daromadlar o‘sishi deyarli to‘xtamoqda

Bugun 08:442862 daqiqa

Rossiya Davlat Dumasi 2026-yilda aholi real daromadlari o‘sishi keskin sekinlashib, inflatsiya va soliq yuki fonida deyarli sezilmas darajada qolishini ochiq tan oldi.

Rossiyada daromadlar o‘sishi deyarli to‘xtamoqda

Rossiyada 2026 yilda aholi daromadlari o‘sishi amalda to‘xtab qolishi mumkin. Bu haqda Davlat Dumasining budjet va soliqlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kaplan Panesh Gazeta.ruʼga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, kelasi yilda rossiyaliklarning real daromadlari atigi 1–2 foizga o‘sadi.

Bu ko‘rsatkich joriy yildagi o‘sish sur’atlaridan bir necha barobar past. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida aholining real daromadlari 8 foizga o‘sgan, 2024 yil yakunlari bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 8,4 foizni tashkil etgan edi. Yangi prognozlar esa iqtisodiyotning «barqarorlashuv bosqichi»ga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.

Paneshning ta’kidlashicha, daromadlar o‘sishining sekinlashishi inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash maqsadlariga mos keladi. Ayni paytda eng past o‘sish savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalarida kuzatilishi mumkin.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyada o‘rtacha oylik daromad 73 038 rublni tashkil etgan. Biroq nominal o‘sishning katta qismi inflatsiya ta’sirida yo‘qqa chiqqan. Aholining 58 foizi oyiga 60 ming rubldan kam daromad oladi, 43 foizining daromadi esa 45 ming rubldan ham past. Har beshinchi rossiyalikning oylik daromadi 27 ming rublga yetmaydi.

2026 yilda aholi uchun yana bir salbiy omil — soliq yukining oshishi bo‘ladi. Hukumat budjet taqchilligini qoplash maqsadida QQS stavkasini 22 foizga oshirishni rejalashtirgan. Bu qaror iste’mol narxlarining qimmatlashuviga olib keladi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, faqat QQS oshishi aholi uchun yiliga qo‘shimcha 1,2 trln rubl xarajatni anglatadi.

Shu bilan birga, smartfon, noutbuk va boshqa texnikaga «texnologik yig‘im» joriy etilishi ham rejalashtirilgan. Bu orqali byudjetga yana 200 mlrd rubl yig‘ish ko‘zda tutilmoqda. Natijada, 2026 yil rossiyaliklar uchun daromadlar emas, xarajatlar o‘sishi bilan yodda qolishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid