Rossiyada «Telegram», «YouTube» va «WhatsApp»da reklama berish noqonuniy deb topildi

06.03.2026 | 08:252 daqiqa

Rossiya Federal aksilmonopoliya xizmati ushbu platformalardagi har qanday reklama integratsiyalarini qonunbuzarlik deb baholamoqda: cheklovlar nafaqat reklama beruvchilarga, balki uni tarqatuvchilarga ham taalluqli.

Rossiyada «Telegram», «YouTube» va «WhatsApp»da reklama berish noqonuniy deb topildi

«Vedomosti» nashrining FAX ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Rossiya hududida kirish cheklangan yoki faoliyati nomaqbul deb topilgan axborot resurslarida reklama joylashtirish taqiqlanadi. Regulyator bunday resurslar qatoriga «Meta» korporatsiyasiga tegishli «Instagram», «Facebook» va «WhatsApp»dan tashqari, hozirda sekinlashtirish choralari qo‘llanilayotgan «Telegram» va «YouTube»ni ham kiritdi.

FAX vakillarining ta’kidlashicha, ushbu maydonchalardagi reklama integratsiyalarida reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish belgilari mavjud. Buning uchun ham reklama beruvchi (buyurtmachi), ham reklama tarqatuvchi (bloger yoki kanal egasi) javobgarlikka tortiladi. Hozirda idora tegishli asoslar mavjud bo‘lganda qonunda ko‘zda tutilgan choralarni ko‘rishni boshlagan.

 

«Telegram»ni bloklash

Ayni paytda «Telegram» messenjeri Rossiyada rasman bloklangan emas, biroq 2026-yil 10-fevraldan boshlab «Roskomnadzor» unga nisbatan sekinlashtirish choralarini qo‘llamoqda. Foydalanuvchilar mediafayllar va chatlarning juda sekin yuklanishidan shikoyat qilishmoqda. Ayrim ommaviy axborot vositalarining Kremlga yaqin manbalariga tayanib xabar berishicha, messenjer 2026-yil 1-apreldan boshlab mamlakat hududida to‘liq to‘sib qo‘yilishi mumkin.

«Roskomnadzor» ushbu xabarlarga nisbatan aniq inkor yoki tasdiq bergani yo‘q va avvalgi bayonotlarga qo‘shimcha qiladigan ma’lumot yo‘qligini bildirdi. Bloklash uchun asosiy sabab sifatida messenjer orqali odamlarni, ayniqsa voyaga yetmaganlarni noqonuniy xatti-harakatlarga yollash holatlari ko‘paygani ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, messenjer ma’muriyatining Rossiya qonunchiligi talablarini bajarishdan bosh tortishi ham asosiy omillardan biri sifatida aytilmoqda.

 

Reklama bozori uchun oqibatlar

FAXning ushbu qarori Rossiya raqamli reklama bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Endilikda blogerlar va kompaniyalar yuqoridagi platformalarda reklama joylashtirgani uchun yirik jarimalarga tortilishi mumkin. Yuridik shaxslar uchun jarima miqdori har bir holat uchun 500 ming rublgacha, jismoniy shaxslar (blogerlar) uchun esa 80 ming rublgacha etib belgilangan.

2026-yil 6-mart holatiga ko‘ra, ko‘plab reklama beruvchilar o‘z budjetlarini mahalliy «VK» messenjeri («Max») va «Yandeks» platformalariga yo‘naltira boshlagan.

Avvalroq cheklovlarga qaramay «Telegram» Rossiyada eng ommabop messenjerga aylangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyada «Telegram», «YouTube» va «WhatsApp»da reklama berish noqonuniy deb topildi | Vaqt.uz