Logo

Rossiyaning Moldovani egallash rejasi fosh bo‘ldi

Bugun 20:243 daqiqa

«The New York Times» surishtiruvlariga ko‘ra, Putin Rossiyaning 2026-yildagi asosiy maqsadini NATO va Yevropa Ittifoqini parchalash deb belgilagan. U bunga Moldova orqali erishmoqchi.

Rossiyaning Moldovani egallash rejasi fosh bo‘ldi

«The New York Times» nashrining ikki davlat rasmiylariga asoslanib yozishicha, 2025-yilning oxirida Vladimir Putin harbiy qo‘mondonlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan. Unda 2026-yil uchun «NATO va Yevropa Ittifoqini ichkaridan parchalash» asosiy vazifa sifatida belgilangan.

Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, bu rejada Moldova markaziy o‘rinni egallaydi. G‘arb maxsus xizmatlariga ko‘ra, Kremlning ustuvor maqsadlari ro‘yxatida Ukrainani bo‘ysundirish birinchi, Moldova ustidan nazorat o‘rnatish esa ikkinchi o‘rinda turadi.

Shu bilan birga, Putin o‘shanda Mudofaa vazirligi hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida Yevropa yetakchilarini Rossiya hujumi xavfi haqida «vahima tarqatayotganlikda» ochiqchasiga ayblagan edi.

1

«Bir necha bor ta’kidlaganman: bu yolg‘on va safsata, Yevropa davlatlariga nisbatan go‘yoki Rossiya tahdid solayotgani haqidagi bema’ni gaplardir», — degan edi u.

NYT suhbatdoshlarining fikricha, Moldova Rossiya uchun ham Ukrainaga, ham G‘arbga qarshi keyingi tajovuzlarda qulay tayanch maydoni vazifasini o‘tashi mumkin. Putin Rossiyani Moldova bilan bog‘lovchi quruqlik yo‘lagini yaratish maqsadida hamon Ukraina janubidagi hududlarni egallab olish niyatidan qaytmagan.

Xuddi shu maqsadlarni ko‘zlagan holda, Rossiya 2025 yilning 28-sentabr kuni Moldovada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga kiberhujumlar, dezinformatsiya, shuningdek, ovozlarni sotib olish va tashviqotlar orqali aralashishga uringan.

2

Kremlning bu kampaniyasiga moldovalik cherkov xodimlari ham jalb etilgan. Ular Rossiyaga borib, «Promsvyazbank» debet kartalarini olib qaytishgan. Shundan so‘ng, ming dollar mukofot evaziga ibodatga keluvchilarni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga doir referendumga qarshi ovoz berishga va g‘arbparast siyosatga qarshi chiqishga ko‘ndirishlari lozim bo‘lgan. O‘shanda Moldovadagi parlament saylovlari «tarixiy» deb baholangan va mamlakatning Yevropaga integratsiyalashuvi ko‘p jihatdan mazkur jarayonlarga bog‘liq ekani ta’kidlangan edi.

2025 yilning yozida Serbiyada maxsus o‘quv lageri tashkil etilgan. Uning aksariyat qismi Moldova fuqarolaridan iborat bo‘lgan ishtirokchilariga quroldan foydalanish, politsiya to‘siqlarini yorib o‘tish va binolarga o‘t qo‘yish o‘rgatilgan. Uch-to‘rt kunlik kursda qatnashganlarga 400 dollardan haq to‘langan.

G‘arb razvedkasi vakillariga ko‘ra, lagerdagi yo‘riqchilar Rossiya harbiy razvedkasiga (GRU) aloqador shaxslar bo‘lgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa saylovlarga aralashish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangchilar guruhini shakllantirish edi.

Xuddi shunday lagerlar Bosniya va Moskva yaqinida ham tashkil qilingan. Moldova prokuraturasi ma’lumotlariga qaraganda, 100 dan ortiq yosh moldovalik ishtirokchilarga yondiruvchi vositalar va qo‘lbola portlovchi qurilmalar yasash hamda ulardan foydalanish, shuningdek, «portlovchi moddalar yoki o‘t qo‘yish uskunalari bilan jihozlangan» dronlarni boshqarish o‘rgatilgan.

Moldova prezidentining milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha maslahatchisi Stanislav Sekriyeruga ko‘ra, Rossiya Moldovadan «Ukrainaga va uning asosiy mudofaa hamda moliyaviy donori bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga qarshi dushmanlik harakatlarini amalga oshirishda platsdarm sifatida» foydalanmoqchi.

«Aynan shuning uchun ham so‘nggi bir necha yil ichida Rossiya bu maqsadlarga misli ko‘rilmagan darajada resurslar ajratdi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Biroq NYT nashrining yozishicha, Moldova hukumati bunday vaziyatga tayyor bo‘lgan. Ovoz berishdan bir necha hafta oldin Moldova politsiyasi yuzlab manzillarda tintuv o‘tkazgan va o‘quv lagerlarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslarni qo‘lga olgan.

Moldovalik kibermutaxassislar esa G‘arbdagi ittifoqchilar ko‘magida xakerlik hujumlarining oldini olishga erishgan. Natijada, saylovlarda Mayya Sanduning partiyasi parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

«Biz bu jangda g‘alaba qozondik, ammo urushda hali yutganimiz yo‘q», — dedi Moldova Kiberxavfsizlik agentligi direktori Mixay Lupashku.

Teglar

Mavzuga oid