Samarqandga 11 trillion so‘m yo‘naltirilyapti

Hajmi jihatidan bu miqdordagi mablag‘ har qachongidan ko‘ra ko‘proq.

Samarqandga 11 trillion so‘m yo‘naltirilyapti

Samarqand viloyatiga barcha manbalar hisobidan 11 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit uchun yana 18 trillion so‘m resurs berilmoqda. Bu haqda bugun, 18-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida o‘tayotgan Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.

«Biz Vatanimiz kuch-qudratini oshirish, har bir oila va har bir insonning hayotini yaxshilash bo‘yicha yanada katta marralarni olganmiz. Bugun hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Ayni paytda shuni yaxshi anglashimiz kerak, endi kechagi harakat bugunga, bugungisi esa ertangi kun talabiga kamlik qiladi. Shu bois, belgilab olgan marralarga erishish uchun yanada samarali harakat qilishimiz zarur», – dedi davlat rahbari.

Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya, eksport masalalari, umuman, barcha sohada namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etildi. Viloyatda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 million dollar, Urgut tumanining o‘ziga yana 50 million dollar ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit uchun yana 18 trillion so‘m resurs berilmoqda.

Hajmi jihatidan bu miqdordagi mablag‘ har qachongidan ko‘ra ko‘proq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bularning barchasi tumanlarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, pirovardida viloyat iqtisodiyotini o‘stirishga xizmat qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

1-mayga qadar Narpay va Termizda yangi tizim ishga tushadi

O‘tgan yili sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollar, ushbu sohadagi startap loyihalari uchun yana 100 million dollar berildi. Bu katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali hududlarni rivojlantirish bo‘yicha eng to‘g‘ri yechimlarni topish uchun yangi imkoniyat ekani ta’kidlandi.

Shularni hisobga olib, tumanlarning sanoat, servis, qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resursi, aholining biznes va kasbiy ko‘nikmasini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalarning imkoniyatlari asosida tumanni rivojlantirishning ichki modelini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ushbu tahlillar asosida tuman hokimi, «mahalla yettiligi», mahalla bankirlari resurslarni eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan va budjetga tushumni ko‘paytiradigan loyihalarga yo‘naltiradi. Bu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida boshlanib, butun respublika uchun namuna qilinadi.

Viloyatda 100 ming aholini doimiy ishli qilish zarur

Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9 foizli iqtisodiy o‘sish qilib, yalpi hududiy mahsulotni 144 trillion so‘mdan oshirish, 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 1,2 milliard dollarga olib chiqish vazifasi turgani qayd etildi.

100 ming aholini doimiy ishli qilish, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, viloyatni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Narpay tumanida 240 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ishsizlik 4,9 foizni, kambag‘allik darajasi esa 5 foizni tashkil qilmoqda. Narpay sanoat bo‘yicha viloyatda 9-o‘rinda, qishloq xo‘jaligi va servis sohasida 11-o‘rinda turadi. Bu ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun Narpayga reja qilingan 150 milliard so‘mga qo‘shimcha yana 100 milliard so‘m beriladi. Kichik va o‘rta biznes uchun 360 milliard so‘m resurs ajratiladi.

Narpayda 500 million dollarlik loyihalar boshlanadi

Narpay tumanida 100 gektarda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil qilinishi e’lon qilindi. U yerda joriy yilning o‘zida 500 million dollarlik loyihalar boshlanadi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida har bir mahalla imkoniyatini «diagnostika» qilish, «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni ko‘paytirish bo‘yicha Narpay tajribasini yaratish topshirildi.

Shuningdek, Narpay qulupnaychilik maktabi tashkil etilib, tumandagi 25 ta mahalla qulupnaychilikka ixtisoslashtiriladi.

Qo‘shrabotda uzum yetishtiriladi

Prezident Qo‘shrabot tumaniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Tumanning tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 60 milliard so‘m ajratilmoqda.

«Oqtepa» hududidagi 5 ta mahallada 3 ming xonadon uzum yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, «Oqchopsoy» hududida o‘rmon fondidagi 700 gektar yer bo‘sh turibdi.

Tuman rahbarlariga ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish, joriy yilda 300 gektarda «in-vitro» uzumzor, 800 gektarda intensiv tokzor tashkil etish, 3,5 ming gektar uzumzorni shpalerga o‘tkazish, 18 ta mahalla aholisini uzumchilikka o‘rgatish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi imkoniyatlar ko‘rib chiqilar ekan, tumanning infratuzilma bor joylaridagi 12 ta traktor parkini 8 gektar yeri bo‘sh turgani, «Bo‘ston-1» nasos stansiyasi ta’mirlansa, 1 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, hokimlik zaxirasidagi 830 gektar paxta va g‘alla yeri 3-4 oydan beri auksionda turgani, bu yerlarni odamlarga qulay shartlarda taklif qilish mumkinligi qayd etildi.

Viloyatga 500 elektrobus olib kelinadi

Umuman, Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlari, Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ularda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha dastur qilinib, 1 trillion 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘larning 800 milliard so‘mi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlashga, qolgan 400 milliard so‘mi yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

Ushbu mablag‘ doirasida Kattaqo‘rg‘on shahridan 40 kilometr masofadagi Ingichka shaharchasiga sanoat va «Yangi O‘zbekiston» qiyofasi kiradi. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahri markazidagi Narpay kanalidan o‘tgan, 60 yil oldin qurilgan ko‘prik ham rekonstruksiya qilinadi.

Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi. Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, yangicha qiyofa olib kirish vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid