add

Samarqandliklarning «svet»siz qolmasligiga endi turklar javob beradi

Bugun 14:551501

Viloyatda elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy sherik boshqaruviga berish loyihasining xalqaro tenderida Aksa Enerji kompaniyasi g‘olib bo‘ldi va 30 yil muddatga boshqaruv huquqini oldi.

Samarqandliklarning «svet»siz qolmasligiga endi turklar javob beradi

Samarqand viloyatida elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tenderda Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi g‘olib deb topildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Kompaniyaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘tkazgan «Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish» mavzusida III Davlat-xususiy sheriklik davra suhbati doirasida rasmiy g‘oliblik taqdimnomasi topshirilgan.

Loyiha doirasida Aksa Enerji kelgusida viloyatdagi elektr tarmoqlarini yangilash, xizmat ko‘rsatish sifati va barqarorligiga erishish, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirishi belgilangan.

Aksa Enerji — 1960 yilda tashkil etilgan Kazanci Holding tarkibidagi yirik energetika kompaniyasi bo‘lib, u nafaqat Turkiyada, balki Gana, Madagaskar, Mali va Kongo kabi mamlakatlarda ham elektr stansiyalari qurish va ekspluatatsiya qilish tajribasiga ega. Kompaniya O‘zbekistonda ham faol ishlab kelmoqda: 2022 yilda Buxoroda 270 MW quvvatli issiqlik elektr stansiyasi, 2024 yil boshida esa Toshkent viloyatida 240 MW quvvatli IES ishga tushirilgan.

Ma’lumot uchun, 2027 yil 1-iyulgacha davlat-xususiy sheriklik dasturiga muvofiq, mamlakatning barcha hududlarida taqsimlovchi elektr tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 2026 yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Samarqandliklarning «svet»siz qolmasligiga endi turklar javob beradi | Vaqt.uz