Samsung yangi Galaxy S26 va S26 Ultra smartfonlarini rasman taqdim etdi
Yangi seriya dizayn jihatidan keskin o‘zgarmagan bo‘lsa-da, texnik imkoniyatlari sezilarli yangilandi va bazaviy Galaxy S26 va S26+ narxi 100 dollarga oshirildi.

Samsung 25-fevral kuni San-Fransiskoda o‘tgan Galaxy Unpacked tadbirida Galaxy S26, S26+ va S26 Ultra flagman smartfonlarini rasman namoyish qildi. Kompaniya yangi avlodni «AI telefonlar» sifatida taqdim etmoqda. Barcha modellar yangi Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan jihozlangan. Ultra versiyasida esa dunyoda ilk bor mobil Privacy Display texnologiyasi joriy etildi.
Samsung Galaxy S26 Ultra
Displey va korpus
Galaxy S26 Ultra 6,9 dyuymli Dynamic AMOLED 2X displey bilan jihozlangan. Ekran yuqori aniqlik, ravonlik va yorqinlikni ta’minlaydi. Privacy Display funksiyasi ekranga yon tomondan qaralganda tasvirni cheklab, foydalanuvchi maxfiyligini himoya qiladi.
Kompaniya bu yil titanium ramkadan voz kechib, mustahkam Armor Aluminum materialini qo‘llagan. Qurilma ichida S Pen stilusi saqlanib qolgan. Ultra modeli 3 nanometrli Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipi bilan ishlaydi. Yangi protsessor avvalgi avlodga nisbatan CPU unumdorligini 19 foizga, NPU quvvatini 39 foizga va GPU ishlashini 24 foizga oshiradi.
Xotira va zaryadlash
Smartfon 12GB yoki 16GB operativ xotira variantlarida taqdim etiladi. Ichki xotira 256GB, 512GB yoki 1TB. 5000 mA/soat batareya 60W simli tezkor zaryadlash orqali 30 daqiqada 75 foizgacha quvvatlanadi. 25W Qi2 simsiz zaryadlash ham mavjud.
Kamera va video
Asosiy kamera 200MP (f/1.4) sensor bilan jihozlangan bo‘lib, past yorug‘likda 47 foizga ko‘proq yorug‘lik qabul qiladi. Telefoto blok 50MP periskop (5 karra zum) va 10MP (3 karra zum) modullardan iborat. Ultra-wide kamera 50MP, old kamera 12MP.

Video 8K 30fps va 4K 120fps formatda yoziladi. Super Steady Horizontal Lock funksiyasi 360 daraja aylanishda ham gorizontni barqaror saqlaydi.
Dasturiy ta’minot
Qurilma Android 16 va One UI 8.5 bilan ishlaydi. Samsung 7 yil davomida operatsion tizim va xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan. Wi-Fi 7, Bluetooth 6.0, Ultra Wideband va 5G qo‘llab-quvvatlanadi.
Samsung Galaxy S26 va S26+
Xotira siyosati
Samsung 128GB bazaviy versiyani bekor qildi. Endilikda har ikki model 12GB RAM va 256GB ichki xotira bilan boshlanadi.
Displey va o‘lchamlar
Galaxy S26 6,3 dyuymli FHD+ Dynamic AMOLED 2X displeyga ega. Vazni 167 gramm, qalinligi 7,2 mm.
Galaxy S26+ 6,7 dyuymli displey bilan jihozlangan. Vazni 190 gramm, qalinligi 7,3 mm.
Har ikki model 1–120 Hz adaptiv yangilanish chastotasi va 2 600 nit yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Orqa panel Corning Gorilla Glass Victus 2 bilan himoyalangan.

Protsessor va batareya
Shimoliy Amerika, Xitoy va Yaponiyada Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy ishlatiladi. Boshqa bozorlarda Exynos 2600 chipi qo‘llaniladi.
S26 batareyasi 4 300 mA/soat (300 mA/soatga oshirilgan).
S26+ — 4 900 mA/soat.
S26 — 25W simli va 15W simsiz zaryadlash.
S26+ — 45W simli va 20W Qi2.2 simsiz zaryadlash.
S26+ Bluetooth 6.0, bazaviy S26 esa Bluetooth 5.4 bilan jihozlangan.
Kamera
Ikkala model ham 50MP asosiy, 12MP ultra keng va 10MP telefoto (3 karra optik zum) kameralar bilan ta’minlangan. Old kamera 12MP. Object Aware Engine texnologiyasi teri ranglari va soch teksturasini tabiiyroq ko‘rsatadi.
Narx va sotuv
Oldindan buyurtmalar boshlangan. Rasmiy savdo 2026 yil 11-martdan start oladi.
Galaxy S26 — 899,99 dollardan.
Galaxy S26+ — 1 099,99 dollardan.
Avvalroq Galaxy S26 Ultra qora, oq, ko‘k va binafsha rang variantlarida sotuvga chiqishi haqida xabar bergan edik.

