Sanoat korxonalariga ekologik imtiyozlar beriladi
Atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirgan korxonalarga kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizigacha qaytarish imkoniyati yaratildi.

Vazirlar Mahkamasining 28-fevral kungi qarori bilan «Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga ta’sirini kamaytirish harakatlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Rag‘batlantirishning birinchi bosqichi
Qarorga muvofiq, rag‘batlantirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda atmosfera havosi ifloslanishini kuzatish uchun fon monitoring stansiyasini o‘rnatgan korxonalar tabiatga yetkazilgan zarar uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikdan ozod etiladi. Shuningdek, respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 50 foizi ikki yil davomida qaytarib beriladi.
Ikkinchi bosqich
Ikkinchi bosqichda esa monitoring stansiyasini o‘rnatgan korxona keyingi bir yil ichida chang-gaz hamda lokal oqova suvlarni tozalash uskunalarini ishga tushirsa, budjetga o‘tkaziladigan kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizi ikki yil mobaynida qaytariladi.
Tartibga ko‘ra, korxona monitoring stansiyasi yoki tozalash uskunalarini o‘rnatgani haqida Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya qo‘mitasiga xabarnoma yuboradi.
Ekologiya qo‘mitasi xabarnoma va ilova qilingan hujjatlarni 15 ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqadi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, korxonani rag‘batlantirish to‘g‘risida rasmiy xulosa rasmiylashtiriladi.





