Logo

SAT sertifikati bilan qo‘shimcha davlat grantiga qabul qilish shartlari belgilandi

Imtihonda 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar uchun yangi imkoniyat yaratildi. Biroq grant taqsimotida muhim shartlar mavjud.

SAT sertifikati bilan qo‘shimcha davlat grantiga qabul qilish shartlari belgilandi

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab SAT sertifikatiga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish tartibi belgilandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Scholastic Aptitude Test – SAT» sertifikatiga (1200 va undan yuqori ball) ega bo‘lgan abituriyentlar uchun qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari oliy ta’lim tashkilotining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha fanlar majmuasi (ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan) «matematika» va «chet tili» fanlari bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Bunda:


• qabul parametrining 50 foizi butun son bo‘lmagan holatda ushbu bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichi yuqori songa yaxlitlangan holda belgilanadi;

• ro‘yxatdan o‘tishda fanlar majmuasi sifatida «matematika» va «chet tili» fanlarini tanlagan hamda SAT sertifikati 2026-yil 25-iyun kuniga qadar (shu kuni ham) DI kod orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelib tushgan abituriyentlarga belgilangan imtiyoz tatbiq etiladi;

• abituriyentlarning SAT sertifikati bo‘yicha ballari ularni qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qabul qilishda asosiy mezon hisoblanadi;

• abituriyentlar tanlagan beshtagacha oliy ta’lim tashkiloti, bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga SAT sertifikati bo‘yicha ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi;

• ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichining quyi chegarasidagi abituriyentning SAT sertifikati bo‘yicha baliga undan keyingi abituriyent(lar)ning bal(lar)i teng bo‘lib qolgan taqdirda, ushbu abituriyent(lar) ham ushbu bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etiladi;

• SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga ushbu imtiyozdan foydalanish yoki imtiyozdan foydalanmasdan test sinovi natijasiga ko‘ra umumiy tartibda tanlovda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;

• SAT sertifikatiga ega, biroq ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan beshtagacha yo‘nalishga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga, vakant (bo‘sh) qolgan qo‘shimcha grant joylariga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilingan sanadan bir haftadan so‘ng bir hafta muddat davomida qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;

• Bilim va malakalarni baholash agentligining qaydnomalari ushbu abituriyentlarni talabalikka qabul qilish bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid