
Saudiya Arabistonida 11 mln tonna qimmatbaho mineral topildi
Saudiya Arabistonida aniqlangan 11 mln tonna oltin, mis, rux va kumush zaxirasi mamlakatning neftdan tashqari iqtisodiy diversifikatsiyasini jadallashtirishi kutilmoqda.

Dunyodagi eng yirik neft zaxiralaridan biriga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni qimmatbaho minerallar hisobidan iqtisodiy salohiyatini yanada kengaytirmoqda. Mamlakat janubidagi Najron mintaqasida oltin, mis, rux va kumushni o‘z ichiga olgan taxminan 11 mln tonna mineral zaxira aniqlandi. Bu topilma Saudiyaning tog‘-kon sanoatida muhim burilish sifatida baholanmoqda.
Kashfiyot Almasane Alkobra Mining Company (AMAK) tomonidan amalga oshirilgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 2025 yil fevral oyida boshlangan keng ko‘lamli burg‘ilash dasturi doirasida hozirga qadar 27 ming metrdan ortiq quduq qazilgan. Ayni paytda litsenziya maydonining taxminan 10 foizidagina qazish ishlari olib borilgan bo‘lib, zaxira hajmining yanada oshishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, yangi aniqlangan resurs tarkibida qimmatbaho va sanoat uchun muhim metallar ulushi yuqori. Ushbu hudud AMAK’ning mavjud ishlab chiqarish ob’ektlaridan taxminan 100 km masofada joylashgani sababli logistika nuqtayi nazaridan ham qulay hisoblanadi. Bu esa loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshiradi.
Kompaniya 2026 yilda kengaytirilgan burg‘ulash va geofizik tadqiqotlar o‘tkazib, mavjud zaxira baholarini aniqlashtirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, yilning ikkinchi yarmida ilk to‘liq mineral resurs hisoboti e’lon qilinishi kutilmoqda.
Saudiya Arabistoni iqtisodiyotni neftga bog‘liqlikdan chiqarishni maqsad qilgan Vision 2030 dasturi doirasida tog‘-kon sanoatiga alohida e’tibor qaratmoqda. Mutaxassislar fikricha, Najrondagi ushbu yirik topilma mamlakatning qimmatbaho metallar bozoridagi o‘rnini mustahkamlab, eksport va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Avvalroq Saudiya Arabistonida Maaden kompaniyasi Makkadan shimoli-sharq tomonda mamlakat tarixidagi eng katta oltin konlaridan birini kashf etganini haqida xabar bergan edik.





