
«Sberbank» Rossiyaga 400 ming hindistonlik migrantlarni olib kirmoqchi
Kadrlar tanqisligini yopish uchun «Sberbank» Hindistondan ixtisoslashgan mutaxassislarni jamlashni maqsad qilgan — gap 400 ming ishchi haqida bormoqda.

«Sberbank» Rossiyadagi ishchi kuchi yetishmovchiligini hal etish uchun Hindistondan yuz minglab mutaxassisni jalb etish tashabbusi bilan chiqdi. Bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxin Reuters agentligiga bergan intervyusida bu yo‘nalishda faol ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
Rossiyadagi ishchi kuchi tanqisligi 2030 yilga kelib 3 mln kishiga yetishi mumkin. German Grefning ta’kidlashicha, bu muammoni mehnat migrantlarisiz hal qilib bo‘lmaydi. Hindistondan kelayotgan ishchilar o‘z vatanlarida kasb o‘rganib, sertifikat olgan bo‘ladi, ular Rossiyada ham tan olinadi. Ular belgilangan ish beruvchi orqali viza oladi va brigadalar tarkibida kelishadi.
2024 yilda mehnat migratsiyasi keskin oshgan. Hindistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Nilam Raniga ko‘ra, bu yil 400 ming hind ishchisi Rossiyada ishga jalb qilinishi rejalashtirilgan. Ular qurilish shaharchalarida yashab, shartnoma tugagach, vatanga qaytishadi.
Sberbank Rossiya va Hindiston o‘rtasida fuqarolar uchun pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Bankning Hindistonda Dehli va Mumbayda ofislari, Bangalorda IT-habi bor. Hozirda u kreditlash, savdo moliyasi, milliy valyutalarda to‘lovlar, turistlar va talabalar uchun qulayliklar yaratish kabi sohalarda ham faol ishlamoqda.
Bank tovar ayirboshlash hajmini 100 mlrd dollarga yetkazish maqsadida infratuzilma loyihalari va sarmoyaviy hamkorlikni ham rivojlantirmoqda. Hozirgi holda bu ko‘rsatkich 60–70 mlrd dollar atrofida.
Sanksiyalar masalasida Vedyaxin AQSH bosimiga qaramasdan, rubl-rupiya orqali to‘lovlar davom etayotganini va dollarda ish yuritmaslik orqali jiddiy muammolar yo‘qligini ta’kidladi.





