add

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

16.10.2025 | 07:5844045

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport qurilishini rasman boshlab berdi. Loyiha qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lib, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport qurilishiga tamal toshi qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida barpo etiladigan yangi xalqaro aeroport qurilishiga start berdi. Marosimda davlat rahbari loyiha ahamiyati haqida so‘zlab, O‘zbekistonni yaqin yillarda mintaqaning yirik aviatsiya markaziga aylantirish rejasiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, kelasi besh yil ichida mamlakat aviaparki 180 ta samolyotgacha kengayadi, reyslar soni yiliga 200 mingtaga yetadi, yo‘nalishlar esa 230 tagacha ko‘payadi. Bunday sur’atdagi o‘sish aeroport infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik asosida yangilashni taqozo etadi.
«Bizning maqsad — O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik aviatsiya habiga aylantirish», — dedi Prezident.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, so‘nggi sakkiz yilda Toshkent aeroportida yo‘lovchilar soni uch barobar ortib, 9 million nafarga yetgan. 2040 yilga borib bu ko‘rsatkich 24 millionga yetishi kutilmoqda. Amaldagi aeroportning imkoniyatlari cheklangani sabab, yangi majmua O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1300 gektar maydonda quriladi. Loyiha Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) kompaniyalaridan iborat xalqaro konsorsium ishtirokida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda qiymati 2,5 mlrd bo‘lgan aerovokzal va aerodrom quriladi. Yangi aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qayta ishlashga, soatiga 30 ta parvozni ta’minlashga qodir bo‘ladi. Kompleks xalqaro fuqarolik aviatsiyasi standartlariga to‘liq javob beradi. Har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy aeronavigatsiya tizimlari o‘rnatiladi. Loyihaning muhim jihati — uning ekologik barqarorligi: bu Markaziy Osiyodagi ilk «yashil» standartli aeroport bo‘ladi. Terminaldagi Duty Free zonasi 46 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Yangi aeroport Toshkent–Samarqand, Toshkent–Andijon va Toshkent–Bo‘stonliq tezkor avtomagistrallari bilan bog‘lanadigan multimodal transport markaziga aylanadi. Shu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi va Toshkent—Yangi Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi shattl-qatnovlar tashkil etiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha mamlakat iqtisodiyotiga 27 mlrddan ortiq daromad keltiradi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratadi va xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalari rivojiga turtki bo‘ladi. Prezident xorijiy hamkorlar va moliyaviy institutlarga minnatdorlik bildirib, aeroport poydevoriga ramziy kapsula qo‘ydi.

Teglar

Mavzuga oid