Shavkat Mirziyoyev Tramp bilan telefonda suhbatlashdi
Ikki davlat rahbari bir nechta masalalar bo‘yicha gaplashdi. Suhbat yakunida prezident Oq uy rahbarini O‘zbekistonga taklif qildi.
© Foto: president.uz7-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Donald Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezident Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetganini hamda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot o‘rnatilganini ta’kidladi.
«Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zaro hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal sur’atiga yuqori baho berildi», — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston hududlari va Amerika shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani ishbilarmonlik aloqalarining faollashuviga xizmat qilmoqda.
Fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilinar ekan, global xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, yetakchilar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi. Suhbat yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev Trampga o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif qildi.





