add

Shavkat Mirziyoyev Turkiya va Ozarboyjon vazirlari bilan uchrashdi

Bugun 20:391052 daqiqa

Uchrashuvda Turkiya va Ozarboyjon delegatsiyalari bilan O‘zbekistonda energetika, geologiya va sanoatda qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya va Ozarboyjon vazirlari bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Turkiyaning yirik «AKSA» va «Cengiz Energy» kompaniyalari rahbarlari — Jamil Kazanchi va Ahmet Chingiz ham ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zaro savdo va investitsiya hajmi o‘sib bormoqda, qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar kengaymoqda. Xususiy sektor hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar ikki davlat iqtisodiy aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

So‘nggi yillarda Turkiya kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 1,8 gigavatt bo‘lgan 1 milliard dollarlik zamonaviy elektr stansiyalarini qurish loyihalari muvaffaqiyatli yakunlangani ta’kidlandi. Bu hamkorlik energetika sig‘imini oshirish va soha infratuzilmasini barqaror rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Uchrashuvda energetika va geologiya sohalarida yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish, energetika uskunalarini ishlab chiqarish, taqsimlash tarmoqlarini raqamlashtirish va istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalarni kengaytirishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashish ahamiyati ham ta’kidlandi.

Prezident ikki davlat manfaatlariga xizmat qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirishda Turkiya bilan azaldan mavjud o‘zaro ishonch va do‘stlik muhim omil ekanini qayd etdi. Tomonlar iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon energetika vaziri Parviz Shahbozovni qabul qildi. O‘zbekiston – Ozarboyjon strategik sherikligi va ittifoqchiligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalardagi aloqalar faol ekani, tovar ayirboshlash barqaror o‘sayotgani va energetika sohasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Neft va gaz sohasi, geologiya-qidiruv ishlari, «yashil» energiyani rivojlantirish hamda kimyo sanoatida qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid