Logo

«Shonli fuqaro» bo‘lish uchun beriladigan ilk hujjat O‘zbekistonda nega qimmat?

Bugun 19:486 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda birinchi marta ID-karta olish uchun to‘lanadigan davlat boji masalasi keskin muhokamalar markazida. Vaqt.uz sakkiz davlat misolida narxlarni o‘rganib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat qancha turishini taqqosladi.

«Shonli fuqaro» bo‘lish uchun beriladigan ilk hujjat O‘zbekistonda nega qimmat?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Dilnoza Qurbonovaning «pasport stoli»da ilk marta ID-karta olmoqchi bo‘lgan 15–16 yoshlardagi qizaloq va uning otasi bilan bog‘liq holat haqidagi yozuvi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Jurnalist navbatda ust-boshi yupun, chehralaridan hayotning og‘ir zahmatlari va tirikchilik tashvishlari sezilib turgan ota-onaga e’tibor qaratgan. Ular yonida esa hayotida ilk bor shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta olish uchun kelgan 15–16 yoshlar atrofidagi qizaloq turardi.

Biroq kassadan to‘lanishi kerak bo‘lgan summa aytilgach, otaning qo‘llari titrab ketgan. U hamyonini ochib, ichidagi pullarni birma-bir sanay boshlagan. Jurnalistning yozishicha, o‘sha paytda qiz avval otasiga, keyin esa yerga qarab qolgan.

«Hamyonini ochib, ichidagi oxirgi mayda pullarini ham bitta-bitta sanay boshladi. O‘sha soniyalarda otaning iztirobini, qizining avval otasiga, keyin yerga qarab qolgan nigohlarini ko‘rib, yuragim zirqiradi», — deb yozadi Dilnoza Qurbonova Facebook’dagi sahifasiga.

Jurnalist ko‘targan masala ortidan bir savol kun tartibiga chiqdi: voyaga yetayotgan bolaning hayotidagi ilk shaxsni tasdiqlovchi hujjat uchun to‘lanadigan davlat boji qanchalik adolatli va boshqa davlatlarda bu masalaga qanday yondashiladi?

Birinchi ID-karta qancha turadi?

O‘zbekistonda birinchi marta ID-karta olish uchun to‘lanadigan davlat boji ariza topshirish usuliga qarab farq qiladi. Migratsiya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi yoki konsullik orqali ariza berilganda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 89 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Hozirgi BHM 412 ming so‘m bo‘lgani sabab bu 366 ming 680 so‘mni tashkil etadi.

«my.gov.uz» orqali onlayn ariza topshirilganda esa to‘lov BHMning 80,1 foizi etib belgilangan. Ya’ni hozirda birinchi ID-kartani onlayn rasmiylashtirish uchun 330 ming 12 so‘m to‘lash kerak.

Ariza berish usuli

Hozir

2026-yil 1-sentabrdan

Migratsiya bo‘limi, DXM yoki konsullik orqali

366 680 so‘m

391 600 so‘m

«my.gov.uz» orqali

330 012 so‘m

352 440 so‘m

2025-yil 1-avgustdan buyon BHM 412 ming so‘m etib belgilangan. 2026-yil 1-sentabrdan esa uning miqdori 440 ming so‘mga oshiriladi.

Demak, ID-karta uchun belgilangan stavkalar o‘zgarmasa, Migratsiya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi yoki konsullik orqali ariza topshirilganda davlat boji 391 ming 600 so‘mga, «my.gov.uz» orqali topshirilganda esa 352 ming 440 so‘mga yetadi.

Agar ID-kartada xatolik bo‘lsa, hujjat bepul almashtirib beriladi.

Boshqa davlatlarda tartib qanday?

O‘zbekistonda birinchi ID-karta uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan bo‘lsa, ayrim qo‘shni davlatlarda fuqarolarga ilk shaxsni tasdiqlovchi hujjatni olishda boshqacha tartib qo‘llaniladi.

Qozog‘iston. Qozog‘istonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab 16 yoshga to‘lgan har bir fuqaroga ID-kartani birinchi marta rasmiylashtirish va uning amal qilish muddati tugagach yangilash bepul bo‘ldi. Shuningdek, hujjatni birinchi marta 18 yoshdan keyin olayotganlar, Qozog‘iston fuqaroligini qabul qilganlar uchun va ayrim boshqa holatlarda ham davlat boji tekin.

Tashabbus fuqarolarning moliyaviy yukini kamaytirish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.

Qirg‘iziston. Qirg‘izistonda ID-kartani birinchi marta olayotgan fuqarolar hujjatni odatiy tartibda 12 ish kuni ichida 1 103 qirg‘iz somигa rasmiylashtirishi mumkin. Bu hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 12,6 dollar yoki 149 ming o‘zbek so‘miгa teng. 

Hujjatni tezlashtirilgan tartibda olish qimmatroq:

Tayyorlash muddati

Narxi

Dollarda

O‘zbek so‘mida

12 ish kuni

1 103 som

12,6 dollar

149 ming so‘m

8 ish kuni

2 720 som

31,1 dollar

368 ming so‘m

4 ish kuni

3 302 som

37,8 dollar

447 ming so‘m

2 ish kuni

3 808 som

43,5 dollar

516 ming so‘m

3 soat, Bishkek

8 177 som

93,5 dollar

1,1 mln so‘m

Demak, Qirg‘izistonda birinchi ID-kartani odatiy tartibda rasmiylashtirish narxi O‘zbekistondagi 366 ming 680 so‘mlik amaldagi davlat bojidan qariyb 2,5 baravar arzon.

Tojikiston. Tojikistonda fuqaroning ID-kartasini rasmiylashtirish uchun 10 dollar miqdorida to‘lov belgilangan. Mablag‘ to‘lov amalga oshirilgan kundagi kurs bo‘yicha milliy valuta — somoniyda undiriladi. 

Hujjatni rasmiylashtirish muddati 15 kungacha etib belgilangan. O‘zbekiston Markaziy bankining 21-avgustdagi rasmiy kursi bo‘yicha 10 dollar taxminan 118 ming o‘zbek so‘miгa teng. Bu O‘zbekistonda undirilayotganidan qariyb 3,1 baravar arzon.

Turkmaniston. Turkmanistonda alohida milliy ID-karta mavjud emas, fuqarolarning asosiy shaxsini tasdiqlovchi hujjati biometrik pasport hisoblanadi.

Davlat migratsiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, biometrik pasportni rasmiylashtirish uchun davlat boji 60 manat etib belgilangan. Bu qora bozor kursida taxminan 3,2 dollar yoki 37 ming o‘zbek so‘miгa teng. 16 yoshga yetmagan bolalar esa bu to‘lovdan ozod etiladi. Bu O‘zbekistonga qaraganda qariyb 10 barobar arzon degani.

Rossiya. Rossiyada fuqarolar 14 yoshga to‘lgach ichki pasport oladi. Birinchi marta pasport rasmiylashtirish uchun davlat boji 300 rubl etib belgilangan.

Bu hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 3,6 dollar yoki 42 ming o‘zbek so‘miga teng. Ya’ni Rossiyada birinchi pasportni olish O‘zbekistonda ID-karta uchun undirilayotgan summadan qariyb 8,7 baravar arzon.

Rossiya Soliq kodeksiga ko‘ra, 300 rubllik davlat boji pasport birinchi marta berilganda ham, belgilangan tartibda almashtirilganda ham qo‘llaniladi. Pasport yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa, to‘lov 1 500 rublни tashkil etadi.

Turkiya. Turkiyada fuqarolarga beriladigan asosiy shaxsni tasdiqlovchi hujjat — «Türkiye Cumhuriyeti Kimlik Kartı». 2026-yilda uning belgilangan narxi 220 turk lirasi, ya’ni taxminan 5 dollar yoki 59 ming o‘zbek so‘mi to‘lanadi.

Biroq bola tug‘ilgani qonunda belgilangan muddatda ro‘yxatga olinib, unga birinchi kimlik kartasi rasmiylashtirilsa, buning uchun to‘lov undirilmaydi. Muddatdan tashqari rasmiylashtirilgan yoki almashtirish sababli berilgan kimlik kartasi esa 220 lira turadi.

Ozarbayjon. Ozarbayjonda fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma 15 yoshdan beriladi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ID-kartani odatiy tartibda 10 kun ichida rasmiylashtirish uchun 5 manat davlat boji undiriladi.

Bu hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 3 dollar yoki 35 ming o‘zbek so‘miгa teng. Ya’ni Ozarbayjonda birinchi ID-kartani odatiy tartibda olish O‘zbekistondagi 366 ming 680 so‘mlik to‘lovdan qariyb 10,5 baravar arzon.

Hujjatni tezlashtirilgan tartibda olish qimmatroq: 3 ish kunida — 50 manat, bir ish kunida esa 70 manat.

Gurjiston. Gruziyada fuqaro 14 yoshga to‘lgach, olti oy ichida shaxsni tasdiqlovchi elektron ID-karta olishi shart. Gruziya Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hujjatni odatiy tartibda, 10 ish kunida rasmiylashtirish 60 gruzin larisi turadi.

Bu taxminan 22 dollar yoki 260 ming o‘zbek so‘miгa teng. Demak, Gruziyada ID-kartani odatiy tartibda olish O‘zbekistondagi 366 ming 680 so‘mlik to‘lovdan qariyb 1,4 baravar arzon.

16 yoshli bola 366 ming so‘mni qayerdan oladi?

Yuqorida sakkizta davlatdagi tartiblarni solishtirdik. Ko‘rinib turibdiki, ayrim mamlakatlarda fuqaro hayotidagi ilk shaxsni tasdiqlovchi hujjat bepul beriladi, ayrimlarida esa buning uchun to‘lov olinadi. Lekin biz ko‘rib chiqqan davlatlarning barchasida bu xarajat O‘zbekistondagidan past.

Endi savol yana o‘zimizga qaytadi: 16 yoshli bolaning o‘zida 366 ming so‘m qayerdan bo‘lsin?

Albatta, kimdir uchun bu katta pul emas, ammo hammaning ham imkoniyati har xil. O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi bir kishi uchun oyiga 715 ming so‘m etib belgilangan bir paytda, 366 ming so‘m ayrim oilalar uchun yarim oylik kambag‘allik chegarasiga teng xarajat. 

Aslida, bu yerda hamma uchun ID-kartani arzonlashtirish yoki tekin qilish haqida gap ketmayapti. Gap hayotida ilk marta, 16 yoshida shaxsini tasdiqlovchi hujjat olayotgan o‘g‘il-qizlar haqida. Ularning o‘z daromadi yo‘q, bu pul baribir ota-onaning cho‘ntagidan chiqadi.

2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb belgilangan. Balki shu ijtimoiylik aynan shunday joyda ham ko‘rinishi zarur. Hech bo‘lmaganda birinchi marta ID-karta olayotgan 16 yoshli bolalar uchun bu to‘lovni bepul qilish yoki keskin arzonlashtirish kerak. 






Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 189

Barchasi

Mavzuga oid