Soliqdan qochganlar qamalishi mumkin

Bugun 14:072 daqiqa

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Soliqdan qochganlar qamalishi mumkin © Илья Семендеев / Spot

Endi O‘zbekistonda soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. \Bu 17-aprel kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirishni, kamaytirib ko‘rsatishni, shuningdek soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashni ancha miqdorda sodir etish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ro‘y bergan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda (41 mln 200 ming so‘mdan 61 mln 800 ming so‘mgacha) jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Ilgari, mazkur jinoyat uchun BHMning 15 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanish belgilangan edi.

Jamoat himoyachisi

Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Tadbirkorlik subyektining jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etadigan vakili tushunchasi kiritildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil yoki Savdo-sanoat palatasi tomonidan tayinlangan vakil tadbirkorning faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishida surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud jarayonida tadbirkorlik talabiga ko‘ra jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga sud qaror chiqarguniga qadar tergovda qo‘shimcha hisoblanib undirilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha penya hisoblanmasligini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil iyul oyida kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid

Soliqdan qochganlar qamalishi mumkin | Vaqt.uz