
Starlink samolyotlarda internet zamonini boshlamoqda: 13 yirik aviakompaniya ulandi
Endilikda parvoz qilayotgan samolyotdan videoqo‘ng‘iroq qilish yoki onlayn o‘yinlarni o‘ynash mumkin. Starlink 13 aviashirkat bilan hamkorlik boshladi.

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilgan Starlink yirik xalqaro aviashirkatlar bilan hamkorlikda samolyotlarda yuqori tezlikda internet xizmatini yo‘lga qo‘ymoqda. Emirates, British Airways, Qatar Airways va United kabi yetakchi aviakompaniyalar endi yo‘lovchilarga havoda yurgan holda onlayn tarmoqqa ulanish imkonini taqdim etmoqda.
Starlink’ning sun’iy yo‘ldoshlari orqali tarqatilayotgan internet xizmatlari yo‘lovchilarga 100–250 Mbit/s tezlikda yuklab olish, 25 Mbit/s tezlikda yuklash va 99 millisekunddan kam kechiktirish bilan xizmat ko‘rsatishi aytilmoqda. Bu albatta, an’anaviy Wi-Fi xizmatlariga nisbatan sezilarli ustunlik sanaladi.
Ayniqsa, uzoq masofali, okean uzra parvozlarida internet aloqasi uzilishlari yo‘lovchilarni ranjitar edi. Endi esa, biznes safardaligidan qat’i nazar, sport ishqibozlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham havo kemasida uzluksiz aloqada bo‘lishlari mumkin.
23-noyabrdan Emirates o‘zining ayrim Boeing 777 reyslarida Starlink’ni bepul taklif etadi. 2027 yilning o‘rtalariga qadar ushbu texnologiya butun flot bo‘ylab joriy etiladi. Qatar Airways esa 2024-oktabrda Boeing 777 samolyotlariga Starlink o‘rnatishni yakunladi, Airbus A350’larga esa 2025 yil navbat keladi.
British Airways, Virgin Atlantic, SAS, Alaska Airlines va boshqa ko‘plab kompaniyalar 2025–2027 yillarda flotlariga Starlink tizimini to‘liq joriy qilishni rejalashtirmoqda. AirBaltic allaqachon Airbus A220–300 samolyotlarida Starlink’ni faol ishlatmoqda.





