«Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

Bugun 11:402 daqiqa

Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida issiqxonalarga imtiyoz berildi.

«Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

2026 yil 25-mart kuni qabul qilingan PQ–108-sonli prezident qaroriga muvofiq, 2026–2027 yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini kengaytirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Ushbu choralar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali yil davomida sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Atmosfera havosiga zararli tashlamalar chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini bosqichma-bosqich qisqartirish ham rejalashtirilgan.

«Surxon-Agro» iqtisodiy zonasiga beriladigan imtiyozlar

Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatida «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Ushbu hududda faoliyat yurituvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi.

Jumladan, yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi joriy qilinadi. Shuningdek, issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlarda ishlatiladigan oqova hamda yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etish belgilangan.

Bundan tashqari, anomal sovuq ob-havo sharoitlarida belgilangan ekologik talablarga rioya qilgan holda ko‘mir yoqishga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va aholini barqaror ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid