
Surxondaryodagi 38,5 mlrd so‘mlik tenderda qonunbuzilish holati fosh etildi
Surxondaryoda o‘tkazilgan tenderda ishtirokchi korxona soliq qarzi haqidagi soxta ma’lumot bilan asossiz chetlashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Surxondaryo viloyatidagi yirik davlat xaridi bo‘yicha qator qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Bu haqda Kurrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «SurxondaryoQurilishInvest» DM buyurtmasi asosida Boysun tumanidagi «Hong‘oronsoy» sel suv omboridan nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish ishlari uchun boshlang‘ich qiymati 38,5 milliard so‘m bo‘lgan tender e’lon qilingan.
Xarid komissiyasi bayonnomasiga muvofiq, tanlovda 36,5 milliard so‘mlik taklif bilan «D.Y.T.» MCHJ g‘olib, 38,5 milliard so‘mlik taklif bilan «M.I.T.» XK esa zaxiradagi g‘olib sifatida belgilangan.
Biroq jarayonni o‘rganish chog‘ida yana bir ishtirokchi — «F.» MCHJ soliq hisobotlariga noqonuniy kiritilgan ma’lumotlar orqali asossiz ravishda tenderdan chiqarib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, korxona soliqdan qarzdor sifatida ko‘rsatilgan, ammo bu ma’lumot mutlaqo soxta bo‘lgan. Oqibatda kompaniya «Shaffof qurilish» axborot platformasidan tekshirishsiz chetlatilgan va tenderda ishtirok etish imkonidan mahrum qilingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ko‘rilgan choralar asosida davlat xaridi to‘liq bekor qilindi. Hozirda to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, aybdorlarga nisbatan qonuniy baho berish jarayoni boshlangan.
Agentlik fuqarolarni tender va davlat xaridlarida shubhali holatlarga duch kelsa, 1253 raqamli Call-markazga murojaat qilishga chaqirdi.





