Tadbirkorlarga asossiz jarima qo‘llaganlar ham jazolanadi

Bugun 15:173 daqiqa

Biznes-ombudsman bu borada qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u nazorat organi o‘tkazgan rasmiy tekshiruvlar soni va qo‘llanilgan ma’muriy jazolar o‘rtasida katta farq borligini ham aytdi.

Tadbirkorlarga asossiz jarima qo‘llaganlar ham jazolanadi

Tadbirkorga noto‘g‘ri jarima qo‘llaganlik uchun mansabdorlarga amaldagi tartibda javobgarlik chorasi belgilanmagan. Hozirda qonunchilikka shunday javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda. Bu haqda Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev ma’lum qildi.

«Noto‘g‘ri moliyaviy jarima qo‘llaganligi uchun javobgarlik masalasi yo‘q. Biz huquqini tiklab berishimiz mumkin, xolos. Nari borsa taqdimnoma kiritamiz, o‘zining rahbari intizomiy jazo qo‘llash va qo‘llamaslik masalasini hal qiladi. Aksariyat holatda qo‘llamaydi. Shu sababli ham biz qonunchilikka o‘zgartirish kirityapmiz. Ya’ni tadbirkorlik subyektiga noto‘g‘ri, noqonuniy moliyaviy jarima qo‘lladimi, albatta, u (o‘sha nazorat qiluvchi organ) ham tegishli jazosini olsin», – deydi u.

Biznes-ombudsmanning bildirishicha, bu bo‘yicha yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda reyestr yuritirish talabi qo‘yilmoqda.

«Reyestr yuritilishi nima beradi? Biz qachonki tadbirkorlik subyektida tekshirish bo‘lgandagina bila olyapmiz, ya’ni tizimga kiritsa. Boshqa holatda bila olmaymiz. Tahlil qilib ko‘rdik bu masalani ham. Ya’ni moliyaviy jarima qo‘llagan, umuman ma’muriy jazo qo‘llaganlik holati bo‘yicha hududlardagi ayrim bir besh-oltita nazorat qiluvchi organ misolida tahlil qilib ko‘rganimizda, holat juda ham bir maqtaydigan darajada emas», – deya vaziyatni tushuntiradi Bo‘riyev.

Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 859 ta tekshiruvni ro‘yxatdan o‘tkazib, tizimga kiritgan, ammo ular ochgan ma’muriy 3616 tani tashkil etmoqda. Shunga o‘xshash holat boshqa organlarda ham kuzatilmoqda. Masalan, Davlat veterinariya qo‘mitasi 2 ta tekshiruvni ro‘yxatdan o‘tkazgan, 81 ta ma’muriy ish ochgan. Kadastr agentligida bu raqamlar mos ravishda 0 va 6243 bo‘lsa, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi subyektlari xavfsizligini, suvda va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida 1058 va 1918, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida 37 va 594.

«Tadbirkorlik subyektini fuqaro sifatida rasmiylashtirish holatlari ham bor-da. O‘zi tadbirkorga boryapti, tadbirkorni ma’muriy qilyapti. Lekin ertaga tadbirkorni ma’muriy qiladigan bo‘lsa, tizimga kiritishi kerak, Biznes-ombudsman ko‘radi, ertaga unga munosabat bildiradi, deyapti-da, fuqaro sifatida ma’muriy qilish holatlari ham afsuski, uchrab turibdi. Buni ham biz ko‘taryapmiz hozir. Nechta tadbirkorlik subyekti rahbarini agar fuqaro sifatida ma’muriy qilgan bo‘lsa, bu bo‘yicha ham biz o‘zimizning munosabatimizni bildiramiz va bu harakatga yo‘l qo‘yganlar, albatta, jazosini olmasdan qolmaydi», – dedi Biznes-ombudsman.

Farg‘onadagi holat

Masalan, Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi «O.B.A» va «A.H.T» MCHJlar suv ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi. Aniqlanishicha, suv ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan mazkur jamiyatlar ichimlik va oqava suv tarmoqlaridan tegishli shartnoma tuzmasdan hamda suv hisoblagichsiz foydalanib kelayotganligi ro‘kach qilinib, ularga jami 551,7 mln so‘m miqdorida zarar hisoblangan.

Qonunchilikk ko‘ra, suvni hisobga olish asbobi bilan ta’minlanmagan iste’molchilar tomonidan sarflangan ichimlik suv miqdori sutkasiga tegishli formula bo‘yicha hisoblanadi.

Biznes-ombudsman devoni so‘roviga asosan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan. Natijada, suv ta’minoti korxonasi xodimlari zararni 27 kun o‘rniga 1 yil uchun hisoblaganliklari aniqlanib, haqiqiy zarar summasi aslida 7,1 mln so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘lgan. Shu tariqa, asossiz hisoblangan 544,6 mln so‘mlik qarzdorlik bekor qilingan. Shu bilan birga, obyektlarga suv hisoblagichlar o‘rnatilishi ta’minlangan.

Teglar

Mavzuga oid