
Tadbirkorlik nazorati ball tizimiga o‘tkaziladi
Qonunbuzilish xavfini oldindan baholab, tekshiruvlarni maqsadli va shaffof qilishga qaratilgan nizom loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarida nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi yangilanishi kutilmoqda. Hisob palatasi tomonidan ishlab chiqilgan nizom loyihasiga ko‘ra, endilikda qonunbuzilish xavfi maxsus ball tizimi orqali baholanadi va tekshiruvlar shu natijalar asosida tashkil etiladi.
Mazkur nizom loyihasida xavfni baholash «Masofaviy audit» avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi «Xavfni tahlil qilish» moduli orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Ushbu modul tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida qonunchilik buzilishi ehtimolini aniq mezonlar asosida tahlil qilib, xavf darajasini belgilaydi.
Hisob palatasi xavf tahlili natijalariga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tekshiruvlar haqida tadbirkorlik sub’ektlarini kamida 10 ish kuni oldin xabardor qiladi. Shu bilan birga, xavf darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ushbu natija tadbirkorga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash uchun mustaqil asos bo‘la olmasligi alohida qayd etilgan.
Loyihada xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini to‘xtatib turish, unga to‘sqinlik qilish yoki bevosita aralashish qat’iyan taqiqlanishi belgilangan. Ayrim istisno holatlardan tashqari, tahlil jarayonida tadbirkorlik sub’ektlaridan hujjat yoki qo‘shimcha axborot talab qilishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasi ball tizimi asosida aniqlanib, sub’ektlar uch toifaga ajratiladi: 81–100 ball — yuqori xavf, 61–80 ball — o‘rta xavf, 60 ball va undan kam — past xavf. Past xavf toifasidagi sub’ektlarda tekshiruv o‘tkazilmaydi, o‘rta va yuqori xavfli sub’ektlarda esa profilaktika tadbirlari yoki zaruratga ko‘ra tekshiruvlar amalga oshirilishi mumkin.
Shu bilan birga, davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfi mavjud aniq holatlar bo‘yicha tekshiruvlar xavf tahlili natijalaridan qat’i nazar o‘tkazilishi mumkin. Barcha tekshiruvlar Yagona davlat nazorati axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilib, Biznes-ombudsmanni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.





