
To‘qayevga YUNESKO bosh direktoridan xat keldi
U o‘z maktubida Qozog‘iston rahbariga minnatdorlik bildirgan.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga YUNESKOning yangi tayinlangan bosh direktori Holid al-Ananiydan minnatdorchilik va hamkorlikni davom ettirish niyati aks etgan maktub keldi.
Oqo‘rda matbuot xizmatiga ko‘ra, misrlik olim va diplomat bo‘lgan al-Ananiy Qozog‘iston rahbariga uning YUNESKO bosh direktori lavozimiga saylanishi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.
Holid al-Ananiy tashkilotning ta’lim, fan, madaniyat, aloqa va axborot sohalaridagi asosiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga sodiqligini ta’kidlagan.
Maktub so‘ngida bosh direktor umumiy qadriyatlarni rivojlantirish yo‘lida Qozog‘iston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlagan.
YUNESKO sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Holid al-Ananiy asli misrlik. U tashkilot bosh direktori lavozimiga 15-noyabrda kirishgan. YUNESKO bosh konferensiyasida yangi rahbar 179 ovozdan 172 tasini qo‘lga kiritgan.
U YUNESKOning 12-bosh direktori hisoblanadi va arab mamlakatidan chiqqan birinchi bosh direktordir.





