Toshkent hokimi yo‘llarni ta’mirlashga 14 mlrd so‘m ajratdi
Poytaxtning har bir tumanidagi obodonlashtirish boshqarmasiga 1 mlrd so‘mdan mablag‘ berilishi belgilandi.
© Foto: Тошкент шаҳар ҳокимлигиToshkent shahrida yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun 14 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning kecha, 17-aprel kuni qabul qilingan «Toshkent shahridagi ayrim yo‘llarni ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi ayrim yo‘llarni ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun shaharning 12 tumanidagi Obodonlashtirish boshqarmalariga 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Qolgan 2 mlrd so‘m esa Shahar markaziy ko‘chalaridan foydalanish, ularni saqlash va ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga o‘tkaziladi.
Pul qayerdan olinadi?
Hujjatda mazkur mablag‘lar Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan poytaxtdagi ayrim yo‘llarni ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun ajratish qayd etilgan.
Mazkur qaror ijrosi ustidan nazorat Toshkent shahar hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimining 2026-yil 6-martdagi qarori bilan Sergeli tumanidagi mahalladan oqib o‘tuvchi kanal ustida ko‘prik qurilishi uchun 1 mlrd 860 mln so‘m pul ajratilgandi. Bungacha esa ijtimoiy tarmoqlarda oldingi ko‘prik olib tashlangani sababli bolalar maktabga qatnash uchun kanal ustidagi quvur (truba)dan o‘tayotgani aks etgan video tarqalgandi.





