add

Toshkent uchun ishlab chiqilgan dizayn-kod muhokamaga qo‘yiladi

Bugun 07:581842 daqiqa

Poytaxt uchun ishlab chiqilgan dizayn-kod loyihasi yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, shahar muhitining yagona vizual qoidalarini belgilaydi.

Toshkent uchun ishlab chiqilgan dizayn-kod muhokamaga qo‘yiladi

Toshkent shahrida shahar muhitini tartibga soluvchi dizayn-kod ishlab chiqildi. Hujjat 25-dekabr kuni shahar xalq deputatlari kengashining doimiy komissiyasida muhokama qilindi.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dizayn-kodga oid ilovalar yaqin kunlarda Regulation.gov.uz platformasida e’lon qilinadi. Fuqarolar va mutaxassislar o‘z fikr, taklif va savollarini qoldirishi mumkin bo‘ladi.

Dizayn-kod «Citymakers International» hamda «Toshkent Invest Kompaniyasi» bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hujjat shahar muhitini yaxlit, qulay va xavfsiz qilishni maqsad qiladi.

Dizayn-kodini tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:

  • binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;

  • peshlavhalar va reklama: o‘lchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;

  • obodonlashtirish: trotuarlar, ko‘cha yoritgichlari, o‘rindiqlar, axlat qutilari, ko‘kalamzorlashtirish elementlari;

  • ko‘cha elementlari: to‘siqlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik me’moriy shakllar;

  • tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.

Dizayn-kod tarixiy binolar va hududlarni asrashga alohida e’tibor qaratgan. Shuningdek, ayrim turistik ko‘chalar uchun alohida rejim joriy etilishi rejalashtirilgan.

Hokimlikka ko‘ra, dizayn-kod tadbirkorlik faolligini oshiradi, hududlardan foydalanishni qonuniylashtiradi hamda shahar aholisi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.

«Citymakers International» kompaniyasi yirik shaharlar va aglomeratsiyalarda, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH davlatlari hududlarida shunday yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribaga egaligi aytilmoqda. Bu esa Toshkentning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda eng yaxshi xalqaro va mintaqaviy amaliyotlarni moslashtirish imkonini berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkent uchun ishlab chiqilgan dizayn-kod muhokamaga qo‘yiladi | Vaqt.uz