
Toshkent yaqinidagi barcha issiqxonalar gaz bilan ta’minlanadi
Prezident farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona ob’ektlariga tabiiy gaz yetkazib beriladi. Yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar yoqilgani aniqlangan issiqxonalar esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

25-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona ob’ektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etadi va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, faoliyat yuritishda qonun-qoidalarni buzgan issiqxonalar uchun ma’muriy jarimalar miqdori oshiriladi. Jumladan, maydoni 200 m3 va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud bo‘lmaganligi uchun ma’muriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshiriladi.
Shu bilan birga, issiqxonalarda yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar (shina, butum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasi davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik joriy etiladi.





