add

Toshkentda avtobuslarning turnaqator navbatda turishiga izoh berildi

Bugun 12:151792 daqiqa

Toshkent shahrida tunda avtobuslarning metan quyish shoxobchalarida uzoq navbatga turib qolgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi. «Toshshahartransxizmat» ushbu holat gaz ta’minotidagi mavsumiy cheklovlar bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.

Toshkentda avtobuslarning turnaqator navbatda turishiga izoh berildi

So‘nggi kunlarda Toshkentda avtobuslarning metan «zaprapravka»larda tunda uzoq navbatga turib qolgani aks etgan postlar va videolar keng tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati rasmiy izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda poytaxtda kuniga mingdan ortiq katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar siqilgan tabiiy gazda harakatlanadi. Ilgari ushbu avtobuslar 33 ta avtomobil gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi orqali yoqilg‘i bilan ta’minlanib kelingan.

Havo harorati keskin pasayishi sababli aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik muhim ob’ektlarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida avtobuslarga xizmat ko‘rsatuvchi AGTKSHlar soni vaqtincha 11 taga qisqartirilgan. Bu esa transport vositalarini yoqilg‘i bilan ta’minlashda qo‘shimcha yuklama keltirib chiqargan.

Shu munosabat bilan «Hududgaz poytaxt» filiali va Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilgan holda poytaxtda faoliyat yuritayotgan AGTKSHlar ro‘yxati tasdiqlangan. «Toshshahartransxizmat» rahbariyati tomonidan ushbu ro‘yxat asosida avtobuslarni gaz quyish shoxobchalariga yetkazish jadvali ishlab chiqilgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, gaz quyish shoxobchalarigacha bo‘lgan masofaning uzayishi, qish mavsumida gaz iste’molining ortishi va magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi yoqilg‘i quyish jarayonini sekinlashtirgan. Natijada AGTKSHlarda navbatlar yuzaga kelgan.

Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida tungi navbatchilik tashkil etilgan. Shuningdek, 25-dekabr kuni avtobus haydovchilari navbatda turgan paytda issiq ovqat bilan ta’minlangani ma’lum qilindi. Jamiyat rahbariyati va avtosaroylar mas’ullari holatni joyida o‘rganib, haydovchilarning taklif va muammolarini o‘rganmoqda.

Teglar

Mavzuga oid