add

Toshkentda havo sifati yana keskin yomonlashdi

Bugun 11:251691

O‘zgidromet poytaxtda mayda zarrachalar miqdori me’yordan keskin oshganini bildirib, bu holat bir necha kun davom etishini ma’lum qildi.

Toshkentda havo sifati yana keskin yomonlashdi

Toshkent shahrida yakshanba kuni havo sifati yana tez sur’atda yomonlasha boshladi. Bir necha kun davomida nisbatan barqaror bo‘lgan ko‘rsatkichlar 20:00 holatiga kelib keskin pasaydi. O‘zgidrometning avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalari qayd etishicha, havodagi PM10 turidagi dispersli zarrachalar miqdori 373 mkg/m3 ni tashkil etdi. Bu esa ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 20 foiz yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu bilan birga, aholi salomatligi uchun eng xavfli hisoblangan PM2.5 zarrachalari darajasi yanada yuqori bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich 202 mkg/m3 ga yetdi va bu ruxsat etilgan me’yordan 3,4-marta ortiq.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bu holat atmosferadagi keskin harorat o‘zgarishi bilan bog‘liq. Haroratning keskin o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqargan, bu esa mayda zarrachalarning to‘planishiga va atmosfera havosidagi konsentratsiyasining oshishiga olib kelgan.

Bunday meteorologik sharoitlar respublikaning ko‘plab hududlarida kuzatilmoqda va yaqin bir necha kun davomida saqlanib qolishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, aholi va mehmonlarga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etilmoqda. Jumladan, ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik, niqobdan foydalanish, ayniqsa keksa insonlar, bolalar va nafas yo‘llari kasalliklari bor shaxslar uchun ehtiyotkorlik muhim ekani qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda havo sifati yana keskin yomonlashdi | Vaqt.uz