Toshkentda «Nexia 3» salonidan 4 kilodan ortiq narkotik modda topildi
Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, Toshkent shahrida yashovchi shaxs giyohvandlik moddasini avtomashinada olib kirayotganida YPX maskanida to‘xtatib qolingan.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kirilgan sintetik narkotik moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomalasiga chek qo‘yildi.
Birinchi holatda, oldindan kuzatuvda bo‘lgan 2003 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan va Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi «Nexia 3» rusumli avtomashina Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan poytaxt tomon harakatlanayotgan vaqtda Chilonzor tumanidagi «Erkin» YPX maskanida to‘xtatilgan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish jarayonida avtomashina salonidan sof og‘irligi 4 kilogramm 811 gramm bo‘lgan «Alfa PVP» sintetik narkotik moddasi topilgan va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qarori bilan unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ikkinchi holat esa Andijon viloyatida qayd etilgan. DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegarasining Marhamat tumani «Bobohuroson» mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida ikki nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olingan.
Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ular qirg‘izistonlik shaxs chegara sim to‘siqlari ustidan uloqtirgan qog‘oz qutini qabul qilib olishga uringan. Xolislar ishtirokida quti ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 9988 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.





